18 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda hukumat a’zolari va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi Majlis Oliy Majlis Senati rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jonli efirda uzatildi.

Dastlab senatorlar tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilish holati haqidagi axboroti eshitildi.

Majlisda o‘tgan ikki yil mobaynida O‘zbekiston inson huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash borasida salmoqli yutuqlarga erishgani ta’kidlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligi va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashuvchi asoslar to‘g‘risida”gi konvensiyasi va BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.

Bundan tashqari, senatorlar inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganini ta’kidladilar.

Ushbu hujjatda qiynoqlarni aniqlash va ularning oldini olish yuzasidan jamoat guruhlarini tashkil etish bo‘yicha bir qator normalar belgilangan, jumladan, ularning javobgarligi, qiynoqdan jabr ko‘rganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish aniq belgilab qo‘yilgan.

Bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar huquqlarini tiklash, barcha sohalarda tenglik tamoyilini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘z navbatida, Oliy Majlis Senati tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi” ishlab chiqildi va ma’qullandi.

O‘zbekistonning inson huquqlarini targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlari e’tirofi sifatida mamlakatimiz birinchi marta BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga uch yillik muddatga (2021-2023) saylandi.

Shu bilan birga, senatorlar inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni qo‘llash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash borasida hali hal etilmagan masalalar mavjudligini ta’kidladilar.

Hozirga qadar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining inson huquqlari sohasidagi bilim va ko‘nikmalari hali yetarli darajada shakllanmagan. Bu esa amaliyotga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni kechiktirib bajarish yoki noto‘g‘ri ijro etish holatlari senatorlar diqqat markazida bo‘ldi. Misol uchun, nazarda tutilgan 46 ta bandning 11 ta bandi bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmagan.

Bundan tashqari, senatorlar Oliy Majlis palatalari Kengashlari Qo‘shma qarori bilan ma’qullangan BMTning inson huquqlari sohasida ta’lim va o‘qitish to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” lozim darajada bajarilmayotganiga e’tibor qaratdilar.

Yalpi majlisda har tomonlama va ochiq muhokama yakunlari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng senatorlar aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi muammolar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdilar.

Unda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 804-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan joriy yil boshidan bugungi kungacha suv ta’minoti korxonalari tomonidan xorijiy kreditlar bo‘yicha 139,3 milliard so‘mlik majburiyatlar bajarilgan. Jami 1 729 ta ob’ektda qurilish ishlari olib borilib, 20 363,6 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilgan hamda rekonstruksiya qilingan.

Ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilishni nazoratga olish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan “Smart qurilish” elektron platformasi orqali “onlayn” rejimda nazorat ishlari olib borilmoqda. Sohada korrupsiyaning oldini olish va tender savdolari jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida komplayens tizimi joriy etilgan.

2021 yilning yanvar-may oylarida 97,6 ming abonent (yoki 258,2 ming nafar aholi) va 342 ta yuridik korxona bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzilgan bo‘lib, “Watercontrol” billing dasturiga kiritilgan.

Joriy yilning yanvar-may oylarida hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan ichimlik suv tarmoqlariga 367 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlanib, jami 1,4 milliard so‘mlik zarar undirilgan.

Ma’lumotlar shaffofligini ta’minlash maqsadida iste’molchilar shaxsiy kabineti (cabinet.uzst.uz) sahifasi yaratilgan.

Iste’molchilarga qulayliklar yaratish maqsadida elektron to‘lov tizimlari (click, paynet, payme, upay, oson va boshqalar) bilan shartnomalar tuzilib, billing bazasiga integratsiya qilingan.

Natijada elektron to‘lov tizimlari orqali joriy yil yanvar-may oylarida 66,8 milliard so‘m kelib tushib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga (34,2 milliard so‘m) nisbatan 95 foizga oshgan.

Ushbu jihatlarni hisobga olgan holda Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra majlisda homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokama qilindi.

Majlisda Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan hududlarda homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamga oid qonun hujjatlari ijro etilishi holati o‘rganilgani va mavjud muammolardan kelib chiqib hukumatga parlament so‘rovi yuborish taklifi kiritildi.

So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishga alohida e’tibor qilinayotganini “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida” va “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani bilan ko‘rish mumkin.

bugungi kunda respublika bo‘yicha sog‘liqni saqlash tizimidagi homilador, tug‘uvchi va tuqqan ayollar hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga 226 ta tug‘ruq muassasasi, shu jumladan, 18 ta perinatal markaz va Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika “Ona va bola skrining” markazi, uning 13 ta hududiy filiali tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

Shu bilan birga, mavjud tug‘ruq muassasalari sig‘imi mamlakatda tug‘ilish darajasiga mos kelmasligi alohida qayd etildi.

2019-2023 yillarda reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar dasturida belgilangan qator vazifalar o‘z vaqtida bajarilmaganligi, tug‘ruq muassasalari, “Ona va bola skrining” markazlari moddiy-texnik holati hamda ularda belgilangan sanitariya me’yorlariga rioya qilinishi, sohaga malakali kadrlarni jalb etish, mahallalarda har bir reproduktiv yoshdagi ayolni “Ayollar maslahatxonalari” va “O‘smir qizlar markazlari” tomonidan xizmat ko‘rsatilishi bo‘yicha qamrab olish masalasida muammolar mavjudligi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan me’yorlarni to‘liq ijrosini ta’minlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ichki ehtiyojlarni qondirish talab darajasida emas.

Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda ko‘zda tutilgan rejalar haqida tushuntirish berishni so‘rab, Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha Senat qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda respublika yengil sanoat tizimida 7,4 mingdan ortiq korxonada 360 mingdan ziyod fuqaro ishlaydi. Ularning 70 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etadi. 100 nafardan ziyod xotin-qizlar ishlovchi korxonalar soni 258 ta. “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga a’zo 13 ta korxonada 50-100 nafar ayol faoliyat yuritadi.

Mazkur korxonalarda xodimlarni bepul oziq-ovqat bilan ta’minlash, talab darajasidagi mehnat sharoitlari yaratishga alohida ahamiyat qaratilgan.

Shunday bo‘lsa-da, yengil sanoat va charmsanoat tizimi korxonalarida ish beruvchilar tomonidan xotin-qizlar uchun qulay, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishda qonun hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Jumladan, Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda korxonada ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida jamoa shartnomasi tuzilmagan. Uch yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollarni ishga qabul qilinishida sinov muddatini  qo‘llash va ularga 1 soatga qisqartirilgan ish kunini belgilamaslik, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til bermaslik holatlari kuzatilgan.

Bundan tashqari, xodimlarga ish davrida ularning xohishiga ko‘ra, yillik ta’tilning eng oz muddatidan (o‘n besh ish kunidan) ortiqcha qismi uchun pullik kompensatsiya to‘lanmaslik, jamoa shartnomalarida xodimlarga umumiy ish stajiga qarab ko‘shimcha ta’tillar berilishi belgilangan bo‘lsada, amalda ushbu ta’tillar berilmasligi va ichki mehnat tartib-intizom qoidalari hamda lavozim yo‘riqnomalarini ishlab chiqmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, korxona ishchi-xodimlari dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lsada, davriy tibbiy ko‘riklar tashkil etilmagan. Korxona mablag‘lari hisobidan homilador ayollarni tibbiyot muassasalari (sihatgohlar) yoki korxonaga tegishli sanatoriy-profilaktoriyda bepul davolatish ishlari tashkil etilmagan.

Korxonadagi mavjud ish o‘rinlarini Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 sentyabrdagi 263-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq attestatsiyadan o‘tkazmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Natijada og‘ir, noqulay, zararli yoki xavfli ishlarda band bo‘lgan xotin-qizlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar va kompensatsiyalar belgilanmay, ish joylarida mehnat sharoitlarini nazorat qilish talab darajasida tashkil etilmagan.

Shuningdek, xodimlar ish uchun zarur bo‘lgan yakka tartibdagi va jamoaviy himoya vositalari bilan ta’minlanmagan.

Tizimda xotin-qizlar uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish, ular mehnatini muhofaza qilish masalalari faqat ish beruvchining ixtiyorida bo‘lgani bois Mehnat kodeksida belgilangan talablar bajarilmasdan qolgan. Buning oqibatida korxonalarda baxtsiz hodisalar sodir bo‘lib, o‘lim holatlari ham kuzatilgan. Xotin-qizlar orasidan Mehnat muhofazasi bo‘yicha vakil saylanmagan.

Bundan tashqari, xotin-qizlar uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish, mehnatini muhofaza qilishda qonun hujjatlari ijrosiga mas’ul bo‘lgan davlat va mahalliy hokimiyat idoralari faoliyati talab darajasida emas.

Sohalarda xotin-qizlar uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish masalalarida nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan, xalqaro mehnat huquq tashkilotlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish va yana bir qator kamchiliklar aniqlangan.

Yuqoridagilarni inobatga olinib, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 12-moddasi hamda “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga asoslanib, Senat tomonidan yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuboriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, yalpi majlisda Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining 2020 yil va 2021 yilning o‘tgan davridagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, qo‘mita qonunchilik faoliyati doirasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari va ekspertlarni jalb qilgan holda 16 ta qonun va 24 ta masalani dastlabki tarzda ko‘rib chiqib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritgan.

Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 13 ta tadbir o‘tkazilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunlarning joylardagi ijrosi 7 marta, ta’lim sohasi 5 marta, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiqligi sohasi 1 marta o‘rganilgan.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim va xalq ta’limi vazirlarining axborotlari eshitilgan.

Senatga  jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar hamda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan 3 ta parlament so‘rovi yuborilgan. Ularning natijalari qo‘mita va Senat yalpi majlislarida muhokama qilingan.

Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish doirasida hozirgi kunda dolzarb ahamiyat kasb etgan “Onkologik kasalliklar profilaktikasi, ularni davolash jarayonlaridagi muammolar va yechimlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda onkologik kasalliklarni erta aniqlash, ularni davolash jarayonidagi muammolar, onkologiya muassasalarini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, respublikadagi onkologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan muassasalarni zamonaviy diagnostika va davolash asbob-uskunalari bilan jihozlash darajasi kabi masalalar muhokama qilindi hamda hukumatga tegishli tavsiyalar berildi.

Qonunlar ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlari qabul qilinishini o‘rganish faoliyati doirasida 5 ta qonunni tatbiq etishga qaratilgan qonunosti hujjatlari qabul qilinishi hamda amalda qo‘llanilishi holati monitoring qilinib, natijasi bo‘yicha Senat Kengashi qarori qabul qilingan.

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash jarayonida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 19 581 ta yozma murojaat ko‘rib chiqilgan, shundan 5 363 tasi Senatga kelib tushgan murojaatlardir.

Nazoratga olinib yuborilgan 2 582 ta murojaatning 1 058 tasi (41 foiz) ijobiy hal qilingan. Taalluqliligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan murojaatlarning 1 524 tasiga (59 foiz) tashkilotlar tomonidan tushuntirishlar berilgan.

Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va ular yechimi yuzasidan zarur choralar ko‘rish maqsadida 887 ta uchrashuv o‘tkazilgan. Qo‘mita a’zolari tomonidan Senat va joylarda jami 4 075 nafar fuqaro qabul qilingan.

Shuningdek, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida parlament nazoratining senator so‘rovi shaklidan samarali foydalanilmoqda. Xususan, murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan jami 76 ta senator so‘rovi yuborilgan.

Natijada hududlarda aholini qiynab kelayotgan maktabgacha va o‘rta ta’lim muassasalarini ta’mirlash hamda yo‘l qurilishi bilan bog‘liq muammolar hal etilgan.

Senat tomonidan ma’qullangan qonunlar mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish, fuqarolarga davlat dasturlarini ijro etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berish maqsadida televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va bosma davriy nashrlarda 1 200 ga yaqin material e’lon qilingan.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati