Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

–Qashqadaryo – qadimiy va tabarruk zamin, mard va bag‘rikeng, mehnatkash va lafzi halol, g‘ururi baland insonlar yurtidir. Bu voha o‘zining noyob tabiiy boyliklari, ulkan sanoat salohiyati bilan yurtimizning bugungi ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgani el-yurtimizga yaxshi ma’lum.

2700 yillik tarixga ega Shahrisabz va Qarshi shaharlari bilan butun xalqimiz faxrlanadi. O‘rta asrlarda Nasaf, ya’ni bugungi Qarshi Islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgani uchun “Madina” degan oliy maqomga sazovor bo‘lgan.

Bunday yuksak maqomga Islom olamida faqat 8 ta shahar loyiq ko‘rilgan.“Ilm va din qubbasi” nomini olgan Shahrisabzdagi Oqsaroy, Dorus-saodat, Dorut-tilovat kabi me’moriy obidalar, Temuriylar Renessansi davrining buyuk namunalari sifatida beqiyos ahamiyatga ega.

Ispaniya Qirolligidan Amir Temur bobomiz huzuriga elchi bo‘lib kelgan Klavixoning: “Parijning eng nozik didli zodagonlari ham Oqsaroyni ko‘rganida hayratdan lol qolar edi”, degan so‘zlari ham fikrimizni  tasdiqlaydi,– dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA