Yaponiya va Rossiya 2024 yil G20 mamlakatlari orasida tashqi qarzni eng ko‘p qisqartira olgan, Saudiya Arabistoni va Hindiston esa, aksincha, yanada oshirgan davlatlar sifatida e’tirof etildi. Bu ma’lumotni “RIA Novosti” Milliy statistika xizmati hisobotiga asoslanib yozgan.

Ayni ko‘rsatkich o‘tgan yil birinchi yarmida kun chiqar yurtda qariyb 7 foiz – 4,2 trillion dollar, Rossiyada 5 foiz – 301,9 milliard dollarga qisqardi. Janubiy Koreya ham norezidentlar oldidagi majburiyatini 2 foiz kamaytirib, 658,3 milliard dollargacha qisqartirdi va kuchli uchlikdan joy oldi. Italiya bu miqdorni 0,8 foiz so‘ndirdi va hozir mamlakat xorijiy kreditorlardan 2,8 trillion dollar qarz. Meksikada bu nisbat mos ravishda 0,4 foiz va 591,6 milliard dollarni tashkil qildi. Germaniya va Indoneziyaning qarzi ham kamaydi, faqat atigi 0,1 foizdan ham past – 6,7 trillion va 408,1 milliard dollar.

Qolgan 12 davlatning xorijiy moliyaviy majburiyati oshgan. Bu borada “chempionlik” Saudiya Arabistoniga tegishli. Ayni paytda Podshohlik tashqi qarzi 14 foiz o‘sib, 344,8 milliard dollarga yetgan. Hindistonda ayni raqamlar +5 foiz va 682,3 milliard dollar.

Журнал Международная жизнь - Лавров возглавит российскую делегацию на  саммите G20 в Бразилии

O‘tgan yil boshidan buyon Xitoy tashqi qarzini 4 foiz, ya’ni 2,5 trillion dollarga yetkazgan. G20 tarkibida eng kam qarzdor – Janubiy Afrikaning majburiyati 3,6 foiz qimmatlashib, 163,9 milliard dollarga yetdi.

Bu borada dunyoda yetakchi hisoblangan AQSH “o‘sish”da davom etyapti. Amerika iqtisodiyoti o‘tgan yil o‘rtalariga kelib 26,9 trillion dollar manfiy nisbat qayd etdi. Bu yil boshiga nisbatan 3,5 foiz ko‘p. Kanada qarzini 2,9 foiz, ya’ni 3,2 trillion dollarga ko‘targan. Turkiyada bu raqamlar o‘sishi mos ravishda 2,4 foiz va 512 milliard dollarni ko‘rsatmoqda.

Moliyaviy majburiyati bo‘yicha Buyuk Britaniya dunyo davlatlari orasida AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinda. Garchi, o‘tgan yil Qirollikning tashqi qarzi 2,3 foiz pasaygan bo‘lsa-da, hamon 10 trillion dollarga yaqin turibdi.

Yil o‘rtalarida Avstraliya norezidentlardan 1,6 trillion dollar qarz edi, bu ham o‘sishni anglatadi. Argentina hukumati o‘tgan yil iqtisodiyotda tub islohotlar o‘tkazdi. Ma’lumki, islohotlar xoh siyosiy, xoh iqtisodiy bo‘lsin, o‘ziga yarasha xarajat talab qiladi. Binobarin, Argentina ham o‘tgan yil tashqi qarzi ko‘paygan davlatlar safidan joy oldi. Mamlakatning ushbu yo‘nalishdagi majburiyati 2023 yil dekabrgacha 283 milliard dollar edi. 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 286.6 milliard dollarga yetdi. Braziliya ham majburiyatini 732.7 milliard dollardan 741.1 milliard dollarga ko‘tardi.

Госдолг Японии достиг рекордных $8,6 трлн | Новости Беларуси|БелТА

Fransiyaning tashqi qarzi eng kam o‘sish sur’atini ko‘rsatdi – atigi 0,7 foiz, lekin mamlakat 7,7 trillion dollar qarzi bilan G20 mamlakatlari orasida uchinchi o‘rinni egalladi.

Ma’lumot uchun: Tashqi qarz – davlat idoralari, Markaziy bank, moliya institutlari va iqtisodiyot real sektorining xorijiy kreditorlardan majburiyati qiymati hisoblanadi.

Tashqi qarz, dunyoning barcha mintaqalaridagi kabi, Markaziy Osiyo davlatlarida ham mavjud. Masalan, ommaviy axborot vositalari tarqatgan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvar holatida Qozog‘istonning davlat qarzi 105 milliard dollar, Qirg‘izistonniki 6, Turkmanistonniki 4,5, Tojikistonniki 3,6 milliard dollar.

O‘zbekistonning davlat qarzi 2024 yil 1 iyul holatida 37 milliard dollardan oshib, yilning birinchi yarmida 2,1 milliard dollar ko‘paygan. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 5 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqida ma’lum qilgan edi.

Markaziy Osiyo davlatlari strategik hujjatlarida davlat qarzi darajasining maksimal chegarasi ko‘rsatilgan. Xususan, Qozog‘istonning davlat qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 27 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Qirg‘iziston YAIMning 70 foizidan, Tojikiston va O‘zbekiston 60 foizidan oshirmasligi zarurligi belgilangan.

S.Rahimov,

O‘zA