Pokiston Bosh vaziri O‘zbekiston va Ozarbayjonga keladi
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif fevral oyi oxirida Ozarbayjon va O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda Pokistonning ingliz tilidagi “The News International” gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Bokuga tashrif chog‘ida davlatlar iqtisodiy hamkorligiga doir bir necha bitim tuzilishi kutilyapti. Toshkentga ikki kunlik safar davomida ham o‘zaro manfaatli savdo shartnomalari imzolanishi rejalashtirilgan.
Tramp Putin bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ryapti
AQSH saylangan Prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Floridada jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Rossiya Federatsiyasi yetakchisi Vladimir Putin bilan bevosita muloqotga hozirlanayotganini ma’lum qildi:
– Tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Prezident Putin uchrashuv o‘tkazishni xohlaydi, u buni ochiqchasiga ham aytdi. Biz urushni tugatishimiz kerak.
Netanyaxu Tramp inauguratsiyasiga bormaydi
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan Donald Trampning inauguratsiya marosimida ishtirok etmaydi, deya xabar tarqatdi “Times of Israel” hukumat rahbari yordamchisiga tayanib.
– Netanyaxu avvalgi qaroridan voz kechdi: Trampning inauguratsiyasini o‘tkazib yuboradi, – deb yozgan gazeta. Reja nima sababdan o‘zgarganiga esa aniqlik kiritilmagan.
Jozef Aun – Livanning yangi prezidenti
Livan parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan armiya qo‘mondoni Jozef Aunni prezident etib sayladi. 86 tadan ko‘pr ovoz talab qilingan bir paytda uni 128 parlamentariydan 99 nafari qo‘lladi.
Ittifoqchilar Ukrainaga yana 30 mingta yangi dron jo‘natmoqchi
Ittifoqchilar Kiyevni masofadan boshqariladigan uchar qurilmalar bilan ta’minlash bo‘yicha xalqaro koalitsiya faoliyati doirasida Ukrainaga 30 mingta yangi dron jo‘natadi, deyilgan Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi saytida e’lon qilingan bayonotda.
Bu galgi ko‘mak Birlashgan Qirollikdan tashqari Latviya, Daniya, Shvetsiya va Niderlandiya tomonidan moliyalashtiriladi.
Iqtisodchi Grenlandiyaning AQSH uchun ahamiyatiga izoh berdi
Noyob metallga boy Grenlandiya zaminida taxminan 40 million tonna zaxira, jumladan 300 ming tonnaga yaqin uran bor. Bu moddalar AQSHni milliy sanoat uchun xom ashyo mustaqilligini ta’minlash nuqtai nazaridan juda qiziqtirmoqda. Mustaqil ekspert Leonid Xazanov “RIA Novosti”ga shunday farazni bildirdi.
2024 yil dekabr oyi oxirida bo‘lajak Prezident Donald Tramp AQSH Grenlandiyaga egalik qilishi “mutlaq zarurat” degan edi. O‘z navbatida Daniyaga tegishli ulkan orol Bosh vaziri Mute Egede hudud hech qachon sotilmasligini aytdi.
Urugvayning sobiq rahbari vatandoshlari bilan vidolashdi
Ayni payt saraton kasalligidan aziyat chekayotgan, bir vaqtlar Urugvayni boshqargan taniqli siyosatchi Xose Muxika “Busqueda” jarnaliga bergan intervyusida davolanishni davom ettirishdan bosh tortdi:
– Sanoqli kunlarim qoldi. Qizilo‘ngach saratoni endi jigarga o‘tdi. Bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi, chunki qaridim. Ikki xil surunkali kasalligim bor. Endi tanam jarrohlikka ham, kimyo terapiyasiga ham dosh bera olmaydi.
89 yoshli sobiq yetakchining bayonoti bir zumda Lotin Amerikasidagi asosiy yangiliklardan biriga aylandi. Muxika dunyo siyosatchilari orasidagi eng qashshoq prezident sifatida mashhur. Uni nafaqat tarafdorlari, balki muxoliflari ham hurmat qilishadi. U doim qishloqdagi uyida yashab, maoshining o‘ndan biriga qanoat qilib, qolganini xayriya ishlariga sarflagan.
Lloyd Ostin: AQSH NATOning ishonchli hamkori bo‘lib qoladi
Amerika ma’muriyati o‘zgarishiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar kelajakda ham NATOning ishonchli hamkori bo‘lib qoladi, dedi Pentagon rahbari Lloyd Ostin.
– AQSH har doim ishonchli hamkor bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi, – dedi u matbuot anjumanida jurnalistlarga. – Mas’ullar almashinuvi va muayyan yondashuvlardagi tafovutga qaramay, biz ittifoqchilar, hamkorlarga sodiq qolamiz.
S.Rahimov,
O‘zA