Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, kelgusida Sherobod tumani misolida, tumanni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha yangi “mahallabay” ishlash tizimi joriy qilinadi.

bugungi kunda Sherobodda 48 ta mahallada 8 ming 700 nafar mehnatga layoqatli aholi ishsiz.  Kelgusi besh yilda yana 28 ming yosh mehnat bozoriga kirib keladi.

Misol uchun, Ayinli, Boyqishloq, Bog‘obod, Xo‘jaqiya mahallalarida  850 dan ziyod ishsiz aholi bor.

Vaholanki, ushbu mahallalar anorchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, 2 milliard so‘m hisobiga 400 gektar bo‘z yerlarni qayta o‘zlashtirilib, ushbu mahallalar aholisini to‘liq band qilish mumkin.

Shuningdek, tumanda 2 ming 300 gektar yerni foydalanishga qaytarish hisobidan kooperatsiya asosida anor plantatsiyalari tashkil etilib, tumanda 4 mingta ish o‘rinlari yaratiladi.

Bunda, kooperativni tashkil etgan tadbirkor xonadonlar va dehqonlarni anor ko‘chatlari, o‘g‘it va dorilar bilan ta’minlaydi hamda tayyor mahsulotni kafolatli sotib oladi. Bu orqali, har bir oila yiliga 100 million so‘mgacha daromad olishi mumkin.

Bundan tashqari, tumanning Kattabog‘, G‘urjak, Oltin voha va Sherobod mahallarida qo‘shimcha 100 gektar maydonda limonchilik yo‘lga qo‘yilib, 1,7 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanadi.

Tumanda 700 million tonna sement, 6,5 million tonna ohaqtosh, 43 million tonna mineral tuzlar, 2,5 million tonna pardozbop toshlar zaxirasi mavjud. Shu bois, Sherobod tumanida sanoat sohasida umumiy qiymati 7 trillion so‘m bo‘lgan 90 ta loyiha amalga oshirilib, 7 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Jumladan, mavjud zaxiralarni qayta ishlashga infratuzilma olib kelinib, Vandob mahallasida 200 gektar maydonda Industrial zona,  Taroqli va Qorabog‘ mahallalarida 2 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilib, 5 mingta aholi ish bilan ta’minlaydi.

Shuningdek, mavjud korxonalar faoliyatini kengaytirish hisobiga, 1,5 mingta ish o‘rinlari yaratiladi.

Bundan tashqari, tuman hududidan o‘tgan xalqaro magistral yo‘l bo‘yidagi yerlar ochiq auksion orqali savdoga chiqarilib, 160 ta xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo qilinadi va 600 ta ish o‘rinlari yaratiladi.

Tumanning 7 ta “qizil” mahallasiga tadbirkorlik dasturlari doirasida 10 foizli stavkada 15 milliard so‘m kredit ajratilib, 2 ming nafardan ziyod aholi bandligi ta’minlanadi.

Umuman, kelgusi besh yilda qayd etilgan tadbirlar natijasida, tumanda 16 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi.

– Tumanning hozirgi kundagi imkoniyatlari to‘liq ishga solinsa, birorta ishsiz qolmasligi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.