Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda viloyat aholisini qiynab kelgan muammolarga to‘xtaldi.

Viloyatda 115 ming nafar aholi ishsiz. Bunga qo‘shimcha ravishda har yili mehnat bozoriga 39 ming nafar yoshlar kirib kelmoqda, 131 ming oila doimiy daromad manbaiga ega emas. Sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida ham ko‘plab kamchiliklar mavjud.

Eng og‘ir vaziyat – maktabgacha ta’lim tizimida. Bandixon, Denov va Qumqo‘rg‘onda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 30 foizga ham yetmaydi. Viloyatda 119 ta mahallada hali bog‘cha mavjud emas.

58 ta maktab quvvatiga nisbatan 2 baravar ko‘p yuklama bilan ishlamoqda, 2 mingdan ziyod pedagog ish joylari vakant.

– Eng achinarli holatlardan birini bugun eslamaslik mumkin emas. Chunki viloyatni shu ahvolga kelib qolishiga, ba’zi idoralarda ildiz otib ketgan adolatsizliklar ham sabab bo‘lgan. Odamlar hech narsaga ishonmay qolgandi. Qo‘lidan ish keladigan tadbirkorlar nohaq qamalgan yoki qochib ketgandi. Shuning uchun viloyatda tadbirkorlik respublikada eng oxirgi o‘rinlarda edi. Mana shu sabablar ham, viloyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelgan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu noma’qulchiliklarni bartaraf qilish uchun qonun ustuvorligi ta’minlanib, barchasi joy-joyiga qo‘yilgani aytildi.

Yuqoridagi muammolarni hisobga olib, Surxondaryoda aholi hayotini yaxshilash va inson qadr-qimmatini ta’minlash bo‘yicha besh yillik dastur tayyorlangani ma’lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev ayni paytda mazkur dasturga kirgan rejalarni viloyat saylovchilari bilan muhokama etmoqda.