Ayni paytda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashmoqda.

Shavkat Mirziyoyev oxirgi besh yildagi tub islohotlar natijasida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Surxondaryoda ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘layotganini ta’kidladi. Shu bilan birga mazkur uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida Surxondaryoda aholi yaqin yillarda qanday o‘zgarishlarni kutayotganini, ularni eng ko‘p bezovta qilayotgan dolzarb muammo va masalalarni puxta o‘rganganini qayd etdi.

– Surxondaryoga juda katta marralar bilan keldik. Eng katta vazifamiz – xalqni rozi qilish, inson manfaatlarini ta’minlash. Surxondaryo aholisi uchun eng muhim masala – ichimlik suv muammosi. Viloyat markazlashgan toza ichimlik suvi ta’minoti darajasi bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinlarda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

144 ta mahallaga ichimlik suvi hali umuman yetib bormagani, Sherobod, Angor, Boysun, Bandixon, Muzrabot, Oltinsoy, Jarqo‘rg‘on va Denovda ichimlik suv ta’minoti juda past darajada ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, viloyatda uy-joy, yo‘l-transport, elektr ta’minoti kabi masalalar bo‘yicha ham aholining ko‘plab e’tirozlari mavjudligi aytib o‘tildi.