Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 7 oktyabr kuni Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.

Mamlakatimizda polipropilen mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, sohada mahalliylashtirishni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar safi kengaymoqda. “Sirdaryo mega lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasi ana shulardan biridir.

Davlatimiz rahbari dastlab ushbu korxona faoliyati bilan tanishdi.

O‘tgan yili bu yerda polipropilendan katta sig‘imli qoplar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi. “Yumshoq konteyner” deb ataluvchi bu qoplar 500 kilogrammdan 5000 kilogrammgacha yuk ko‘taradi. Ularga ishlab chiqarish, savdo, qishloq xo‘jaligi, logistika kabi ko‘plab sohalarda talab yuqori. “Sirdaryo mega lyuks” yiliga 132 million dona shunday mahsulot tayyorlash quvvatiga ega.

Yettita korpusdan iborat ulkan korxona izchil rivojlanib bormoqda. Joriy yil may oyida ikki qavatli plyonka tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Yaqin oylarda strech plyonka va spanbond texnologiyasi asosida noto‘qima mato ishlab chiqarish boshlanadi.

Hozirda korxonada 2 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. Mazkur loyihalar to‘liq quvvatga chiqqach, ish o‘rinlari 5 mingga yetadi.

bugungi kunda Rossiya, Isroil, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston kabi 14 ta mamlakatga eksport yo‘lga qo‘yilgan. Yangi loyihalar bilan birgalikda eksport hajmi 215 million dollarga yetishi mo‘ljallangan.

Prezidentga istiqboldagi loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, kelgusi besh yilda polimer mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha texnopark tashkil etib, umumiy qiymati 350 million dollar bo‘lgan sakkizta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 260 million dollar investitsiya jalb etilib, Germaniya, Italiya, Avstriya texnologiyasi o‘rnatiladi.

Davlatimiz rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligi bilan birga ijtimoiy jihatiga ham alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

– Bu mahsulotlarning xomashyosi o‘zimizda, ona zaminimizda. Bundan aql bilan foydalanib, narx va sifat mutanosibligi ta’minlansa, mahsulotlarimiz raqobatbardosh bo‘ladi. Faqat iqtisodiy emas, iqtisodiy-ijtimoiy loyihalar qilish kerak. Tadbirkor ham daromad topsin, odamlar ham, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Zarur mablag‘ yo‘naltirib, ishlab chiqarish hajmini ikki barobar oshirish, kelgusida ishchilar uchun uy-joylar barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo tumani Shirin mahallasida yashovchi Doniyor Yo‘ldoshev xonadonida bo‘lib, oilaning turmush sharoitlari bilan tanishdi.

Bu uy yurtimizdagi obod hovlilardan biri. 10 sotix tomorqada mevali va manzarali daraxtlar, sabzavotlar ekilgan. 30 bosh naslli kurka boqilib, bir yilda 25 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad olinmoqda.

Davlatimiz rahbari bu sa’y-harakatlarni ma’qullab, mana shunday obod xonadonlar ko‘payishi kerakligini ta’kidladi.

– Hududlarda yurishim, har kungi harakatlarimdan maqsad – odamlarni rozi qilish, aholi jon boshiga daromadni ko‘paytirish. Ilgari chetga xomashyo sotardik. Hozir hammasini mamlakatimizda qayta ishlab, tayyor mahsulot chiqarayapmiz. Korxonalar ochilayapti, yoshlarimiz, xotin-qizlarimiz ishli bo‘layapti. Bundaylar ko‘payishi, buning uchun rivojlanish mahallada bo‘lishi kerak. Mahalla yaxshi bo‘lsa, davlat kuchli bo‘ladi. Yoshlarni bilimli, aqlli qilib tarbiyalasak, o‘z yo‘lini, ishini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yurtimizga tinchlik, farovonlik tilab, duo qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo tumanida viloyat saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari Guliston shahrining Yangi hayot mahallasida bo‘ldi.

Bu yerda 2019-2020 yillarda 14 ta ko‘p qavatli uy qurilgan. bugungi kunda yana 7 ta 9 qavatli uy qurilishi boshlangan. Ulardagi 504 ta xonadondan 100 tasi kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli ravishda beriladi. Yoshlar mehnat guzari, stadion, bolalar maydonchalari quriladi.

Prezidentimiz yangi mavzeda xizmatlarni ko‘paytirish, tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etib, bu yerda yashovchilarni ish bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

– Kambag‘allikni qisqartirishning eng asosiy omillari boshpana va ish joyi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bu maqsadlar uchun katta imkoniyatlar berilyapti. Bu yildan boshlab ipoteka krediti bo‘yicha moliyaviy resurslardan yetishmovchilik va cheklovlar bo‘lmaydi, deb e’lon qilganmiz. Shundan foydalanib, tadbirkorlar ishtirokida ko‘p uylar qurish mumkin.

Shu yerda mahalla nuroniylari bilan samimiy muloqot bo‘ldi.

– Bir paytlar Sirdaryo viloyati faqat qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan edi. Oxirgi yillarda zamonaviy sanoat kirib kelayapti. Mana shunday uylar qurilayapti. Nima uchun? Odamlarda xarid qobiliyati bor. Endi bu ishlarni to‘xtatmasligimiz kerak. Chunki yoshlarimiz yetishib kelayapti, xalqimizning talabi o‘sib borayapti. Davlatimiz shunga munosib sharoit yaratishi kerak, – dedi Prezident.

Nuroniylar viloyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, yoshlar tarbiyasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrida qurilayotgan Tadbirkorlar va hunarmandlar markazini borib ko‘rdi.

Bu yerda tadbirkorlikka qiziqqan insonlarga huquqiy maslahatlar berib, biznesini boshlashiga ko‘maklashish, yoshlarga hunar o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi, mahsulotlar ko‘rgazmalari o‘tkaziladi.

Markaz «Do‘stlik» kanali bo‘yida joylashgani unga yanada fayz bergan. Hudud obodonlashtirilib, so‘lim xiyobon tashkil etilgan. Manzarali daraxtlar ekilgan. Piyodalar va velosiped yo‘laklari, favvoralar barpo etilgan. O‘rindiqlar yoniga kitob javonlari ham qo‘yilgan.

Umuman aytganda, bu yer nafaqat biznes, balki madaniyat, turizm maskaniga ham aylanadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Abdulaziz MUSAEV,

Shuhrat SUYAROV,

O‘zA muxbirlari