O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining (MDH) Ijroiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Leonid Anfimov boshchiligida MDH saylovlarni kuzatish missiyasining uzoq muddatli kuzatuvchilari mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Markaziy saylov komissiyasida Kuzatuvchilar missiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev mehmonlarni saylov kampaniyasi bilan tanishtirib, saylov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Saylov kodeksiga muvofiq ochiq va oshkora o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, ayni damda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni boshlangani, saylovoldi tashviqotini olib borish va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratilganligi qayd etildi.

 

– Oldingi saylovlardan farqli o‘laroq, biz bu yilgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlikni 2021 yil 23 iyul – saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilinganidan ancha oldin, ya’ni yil boshidan boshlagan edik va saylovni 2021 yil 24 oktyabrga belgiladik. Albatta, bu yilgi saylovlarni yuqori saviyada o‘tkazishda 2019 yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan orttirgan tajribamizga ham tayandik, – dedi Z.Nizomxo‘jayev.

Leonid Anfimovning qayd etishicha, MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida missiyaning shtabi ish boshladi.

– Bu biz uchun yangi missiya emas. Agar bu galgi saylovlarni ham inobatga olsak, MDH kuzatuvchilari sakkizinchi marotaba O‘zbekistondagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Jumladan, biz 2016 yilgi Prezidentlik saylovlarida ham, 2019 yilgi parlament saylovlarida ham ishtirok etganmiz. Men O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatmoqdaman. Ochig‘i, O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar meni hayratga solmoqda. O‘zbekistonning o‘sish dinamikasi haqiqatan ham odamni ta’sirlantiradi. Shaxsiy prognozlarimga ko‘ra, yaqin kelajakda O‘zbekiston iqtisodi Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi o‘rinni egallaydi. O‘zbek xalqi O‘zbekistonning har tomonlama o‘sishiga olib keladigan liderni saylashiga ishonchim komil, – dedi L.Anfimov.

Missiya o‘z faoliyati davomida saylov jarayoni borishi haqida materiallarni to‘plash va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va televizion dasturlar hamda bosma ommaviy axborot vositalarida chiqayotgan saylovga oid materiallarni monitoring qilish, nomzodlarning saylov shtablarida uchrashuvlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Markaziy saylov komissiyasi shu kunga qadar 112 nafar xalqaro kuzatuvchini ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Uchrashuvdan so‘ng L.Anfimov ommaviy axborot vositalari vakillariga missiya faoliyati yuzasidan murojaat qildi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA