Kelgusi besh yilda Farg‘ona viloyatida jami 30 ming kvartirali 700 ta ko‘p qavatli uylar quriladi. Bu – oldingi yillarga nisbatan 3 barobar ko‘p, degani.

Bunda 2,5 mingta uy-joy og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yolg‘iz ayollar, ehtiyojmand oilalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga beriladi.

Shuningdek, kelgusi besh yilda 14 mingdan ziyod oilaga ipoteka krediti bo‘yicha 680 milliard so‘mlik subsidiyalar ajratiladi.

Shu bilan birga, viloyat hududlaridagi eskirgan 200 ta 2-3 qavatli uylar o‘rnida, renovatsiya dasturlari asosida 7-12 qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.

Bag‘dod tumani «Guliston» mahallasida barpo qilingan shaharcha namunasi asosida Yozyovon, Oltiariq va Farg‘ona tumanlarida ham kamida 4-5 ming xonadonli «yo‘ldosh» shaharchalar bunyod etiladi.

Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari qo‘shni tumanlar hisobiga kengaytiriladi, 600 gektardan ortiq hududda yirik uy-joy massivlari va sanoat zonalari tashkil qilinadi.

Farg‘ona shahrida 300 gektar maydonda 40 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy «Eko shahar» barpo etiladi. Bunda 25 qavatgacha bo‘lgan uylar, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, 70 gektar maydonda «Yangi O‘zbekiston» bog‘i bunyod qilinadi.

Shaharda har yili 1 milliondan ortiq daraxt ekilib, Farg‘onaning «yashil shahar» maqomi qayta tiklanadi.

 

O‘zA