Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat saylovchilari bilan ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida elektr, suv, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilashga 10 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Kelgusi besh yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 150 ta qishloq va 40 ta mahalla obodonlashtiriladi. Bu ishlarga 1 trillion 860 milliard so‘m mablag‘lar ajratiladi.
Bundan tashqari, Yozyovon, So‘x, Qo‘shtepa va Furqat tumanlarining sharoiti og‘ir 57 ta mahallasida qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga 32 million dollar mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, kelgusi yildan har bir tuman va shahar byudjetining kamida 5 foizi aholi murojaatlariga muvofiq, eng dolzarb muammolarni hal qilishga yo‘naltiriladi. Kelgusi yillarda ushbu mablag‘ yana ko‘paytiriladi.
Viloyatda ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 69 foizdan 90 foizga yetkaziladi. Jumladan, kelgusi yilning o‘zida So‘x tumanida ichimlik suv ta’minoti 30 foizdan 100 foizga yetkaziladi.
Kampirobod suv omboridan quvur tortib, Marg‘ilon, Farg‘ona va Quvasoy shaharlari, Quva, Toshloq va Farg‘ona tumanlaridagi 650 mingdan ziyod aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Kelgusi besh yilda Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon, Quvasoy shaharlari kanalizatsiya tizimi qamrovi hozirgi 60 foizdan 85 foizga yetkaziladi. Shuningdek, tuman markazlarida kanalizatsiya tizimini yaxshilash bo‘yicha 151 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi.
Shaharlar va tuman markazlarining issiqlik ta’minotini yaxshilashga 1,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 7 ming kilometr elektr tarmoqlari va 2 mingta transformator yangilanadi. Bunga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltiriladi.
O‘zA