Shavkat Mirziyoyev farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuvda Farg‘ona vodiysidan yetishib chiqqan jadid bobolarimizning el-yurtimiz ma’rifati, ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini yodga oldi.

– Biz bundan besh yil oldin Farg‘onada madaniyat  va san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha  katta rejalar tuzgan edik. Xususan, xalqimiz ko‘nglidan joy olgan ulug‘ adib va san’atkorlarimiz xotirasiga bag‘ishlab go‘zal bir maskan barpo etish haqida fikrlashgan edik.

bugungi kunda Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan Ijodkorlar bog‘i, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomidagi

Ijod maktabi, shoirning memorial muzeyi va muazzam haykali  nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki butun mamlakatimizning adabiy-ma’naviy muhitiga, yoshlar tarbiyasiga beqiyos ta’sir o‘tkazmoqda.

Men bugungi fursatdan foydalanib, inson qadrini,  ma’naviyat va ma’rifatni doimo ulug‘lab yashaydigan Farg‘ona ahlini mana shunday ezgu ishlarni  davom ettirishga chaqirmoqchiman.

Bu borada o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik siymolaridan biri  – Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning hayoti va faoliyati  alohida o‘rin tutadi.

Furqat 50 yillik qisqa umri davomida mohir publitsist,  tadqiqotchi, jahongashta olim sifatida noyob iste’dodini namoyon etgan. Uning bundan keyingi fojiali hayoti, musofirlikda qolib,  Vatanni sog‘inib yashagani ham sizlarga yaxshi ma’lum.

Furqat  – Farg‘ona jadidlarining ma’naviy otasi bo‘lgan. Mana, biz yurtimizda  Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga  harakat qilyapmiz. Hech shubhasiz, agar mustamlaka tuzumining qatag‘on siyosati bo‘lmaganida, ushbu Renessansni ma’rifatparvar jadid bobolarimiz  yaratgan bo‘lar edi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Zokirjon Furqatning el-yurtimiz oldidagi buyuk xizmatlarini inobatga olib, uning ijodini yanada keng ommalashtirish,  jumladan, Qo‘qon shahri markazidagi Furqat bog‘ida shoirning haykalini o‘rnatishni taklif etdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev ona tilimizni asrab-avaylash,  uning ravnaqini ta’minlash uchun kurashgan, yurtimizda ilk bor  “O‘zbek tili” darsligini yaratgan atoqli olim, jurnalist va tarjimon,  jamoat arbobi Ashurali Zohiriyni ham yodga oldi. Butun umrini el-yurtni ma’rifatli va madaniyatli qilishga bag‘ishlagan, 1937 yili “xalq dushmani” sifatida qatag‘on qurboni bo‘lgan bu insonning xotirasini abadiylashtirish zarurligini ta’kidladi.

 

O‘zA