Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlardagi bunyodkorlik ishlari, mahallalar hayoti bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27 sentyabr kuni Namangan viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari dastlab Namangan shahri Davlatobod tumanidagi “Yuksalish” sanoat shaharchasida bo‘lib, “Glass yexpo” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda oynaga milliy naqshlar va zamonaviy dizaynlar asosida ishlov beriladi. Korxona 2019 yilda ishga tushirilgan va izchil rivojlantirib borilmoqda. Bu viloyatda oyna mahsulotlarini mahalliylashtirish, import o‘rnini to‘ldirishda muhim omil bo‘lmoqda. Korxona to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 1 million 200 ming dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Prezidentimiz korxonadagi ish jarayoni, mahsulotlar namunalarini ko‘rdi.

Shu yerda tadbirkorlar bilan muloqot bo‘ldi.

– O‘zbekistonning ertangi kuni – tadbirkorlar. Biz besh yil davomida siyosat nuqtai nazaridan hamma bozorni ochishga harakat qildik. Endi sizlar sifat, raqobat, eksport bo‘yicha ishlashingiz kerak. Rejalaringiz baland bo‘lishi, har kuni izlanishingiz zarur. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi bunda sizlarga ko‘makdosh bo‘ladi, loyihalarga investor bo‘lib kiradi.

Avgust oyida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda yana ko‘plab rejalarni belgilab oldik. Kelgusida ular bo‘yicha qarorlar qabul qilinib, qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi. Muhit shunday bo‘lishi kerakki, ishsiz yoshlar tadbirkorga, kichik tadbirkorlar katta, jozibador investorga aylanishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari Yuksalish mahallasiga avval ham kelgan, hududni sanoat shaharchasiga aylantirish, bu yerda yashovchi aholi uchun ish o‘rinlari yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi.

Bu galgi tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Oxirgi uch-to‘rt yilda mahalla ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Bu yerda 71 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda 5 ta, kelgusi yili 11 ta ko‘p qavatli uy qurib bitkaziladi.

Tadbirkorlarga zamonaviy sharoitlar yaratish, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida mazkur hududda “Yuksalish”, “Yoshlar” va “Kushon” kichik sanoat zonalari tashkil etilgan.

“Yuksalish” kichik sanoat zonasida jami 1,2 trillion so‘mlik 96 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 7 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan.

“Yoshlar” kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 804 milliard so‘mlik 60 ta loyiha, “Kushon” hududida 1,6 trillion so‘mlik 129 ta loyiha joylashtirilgan. Ularda, mos ravishda, qariyb 5 mingta va 13 mingta ish joyi tashkil etiladi.

Shavkat Mirziyoyev “Yuksalish” shaharchasida namanganlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi Namangan” shaharchasi loyihasi bilan tanishdi.

Mazkur loyiha uchun Davlatobod tumanining Yuksalish hamda To‘raqo‘rg‘on tumanining Yettikon mahallalari hududidan 1 ming 371 gektar yer ajratilgan. U yerda 410 ta ko‘p qavatli uy, 7 ta maktab, 4 ta bolalar bog‘chasi, shuningdek, ko‘plab infratuzilma inshootlari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Bu boradagi ishlar allaqachon boshlangan bo‘lib, Yuksalish mahallasidagi bunyodkorlik uning birinchi bosqichi hisoblanadi. 2018-2021 yillarda amalga oshirilgan bu bosqich doirasida 71 ta ko‘p qavatli uy qurildi. “Yuksalish”, “Yoshlar” va “Kushon” kichik sanoat zonalari tashkil etildi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan. Bu bo‘yicha Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan bosh reja ishlab chiqilgan.

Davlatimiz rahbariga mazkur bosh reja haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, ikkinchi bosqichda 30 ming xonadondan iborat 16 va 24 qavatli uylar, maktab va bog‘chalar, shifoxona, sport majmualari, masjid, kutubxona, IT-park, mehmonxona, biznes markazi, savdo va servis ob’ektlari qad rostlaydi.

Shuningdek, 95 gektar yerda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev mazkur bog‘ loyihasi taqdimoti bilan ham tanishdi.

2022 yilda qurib bitkaziladigan majmuada Namangan ramzi bo‘lgan gullar bog‘i, sun’iy ko‘l, favvoralar, 1 ming 500 o‘rinli amfiteatr, avtoturargoh, savdo shoxobchalari tashkil etiladi.

Loyihaning 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan uchinchi bosqichi ham bor. Mazkur “aqlli” shaharcha to‘liq qurib bitkazilganda aholiga shu yerning o‘zida yashashi, ishlashi va dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Natijada 2026 yilga borib Namangan bir million aholi istiqomat qiladigan yirik shaharga aylanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 19 fevral kuni Namangan shahridagi «Saxovat» uyini borib ko‘rgan, nuroniylar uchun yangi bino qurilishiga va’da bergan edi.

Shundan so‘ng bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. 120 o‘rinli yangi «Saxovat» uyi binosi, 4 ta kottej qurildi. Ma’muriyat va xo‘jalik binolari ta’mirlanib, elektr energiyasi, suv, isitish tarmoqlari yangilandi.

Shavkat Mirziyoyev viloyatga navbatdagi tashrifi chog‘ida u yerga yana borib, keksalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

«Saxovat» uyida har bir yashovchi uchun alohida xona ajratilgan bo‘lib, xonalar televizor, muzlatgich, mebel bilan jihozlangan. Oshxona, muolaja va fizioterapiya xonalari, suv havzasi, trenajyor zali bir binoda joylashgani keksalarga qulaylik yaratgan. Nuroniylar vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun dam olish joylari, kutubxona tashkil etilgan.

Ziyoratlarga borish uchun «Saxovat» uyiga Prezident sovg‘asi – «Isuzu» avtobusi ham berilgan.

Davlatimiz rahbari nuroniylar bilan dildan suhbatlashdi.

– O‘tgan safar Xudo ko‘nglimga solib, sizlarning oldingizga kelgan edim. Toshkentga borib ham hurmatingizni joyiga qo‘yish haqida ko‘p o‘yladim. Axir, davlat rahbari sifatida sizlarga sharoit yaratib berish – mening vazifam. Bugun mana shunday yangi sharoitlaringizni ko‘rib, og‘iringiz yengil bo‘lganini his qilib, o‘zimni baxtiyor sezayapman. Sizlar hayotdan rozi bo‘lsalaringiz, Alloh bizdan rozi bo‘ladi, yurtimiz tinch, ishimizda baraka bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nuroniy ota va onaxonlar yaxshi sharoitlar, inson qadriga e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifini yakunlab, Farg‘onaga jo‘nab ketdi.

 

Matnazar ELMURODOV,

Avazbek XUDOYQULOV,

O‘zA muxbirlari