Nomzod qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda bu haqda kuyinib gapirdi.

– Har yili millionlab tonna chiqindilar yer usti va yer osti suvlarini, atmosfera havosini va tuproqni ifloslantiradi. Bu esa yuqumli kasalliklar, shu jumladan saraton kasalliklarining sonini ko‘payishiga, ichimlik suvi sifatining yomonlashishiga, yuzlab gektar ekin maydonlarini foydalanishdan chiqarilishiga olib keladi.

Sanoat korxonalari chiqindilari va qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash orqali atrof-muhit musaffoligini ta’minlash dolzarb vazifalarimizdan ekanini qayd etamiz. Global rivojlanish sharoitida vujudga kelgan chiqindi muammolarini samarali hal etish maqsadida maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 40 foizga, hosil bo‘layotgan sanoat chiqindilarini qayta ishlash miqdorini esa 20 foizga yetkazish zarur.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

Sohaga davlat-xususiy sherikchilik tamoyillarini, bozor boshqaruvi tizimini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan huquqiy mexanizmni joriy etish; sanoat va maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish; xo‘jalik va boshqa faoliyat ob’ektlari chiqindilarini zararsizlantirish va xavfsiz joylashtirilishini texnik vositalar bilan jihozlash bo‘yicha talablarni kuchaytirish; saqlash va ko‘mib tashlash maqsadida mamlakat hududiga chiqindilarni, shu jumladan chetdan radioaktiv chiqindilar va xavfli chiqindilarning har qanday turlarini olib kirishni taqiqlash; chiqindilarni aholi punktlari yerlarida, tabiatni muhofaza qilish ob’ektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazish xavfi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda saqlash va zararsizlantirishni cheklash; chiqindilarni qayta ishlash hamda ulardan ikkilamchi xomashyo sifatida foydalanish orqali ularning hajmini qisqartirish.

 

O‘lmas Barotov,

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA