Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev pragmatik xususiyatga ega bo‘lgan saylovoldi dasturining mohiyatini yangi tashabbuslar orqali ochib berdi.

Birinchi tashabbus. Tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, odamlarni kasb-hunarga o‘rgatish hamda 450 mingdan ziyod ish joylarini yaratish orqali kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish.

Narpay tumani misolida «ishsizlikdan xoli hudud»ni tashkil etish hamda viloyatda bironta ham kambag‘al va ishsiz bo‘lmasligiga erishishni maqsad qilib qo‘ydi. Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi natijasida ishsizlik, migratsiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy muammolarga yechim topiladi.

Ikkinchi tashabbus. Mahallalarda kasb-hunar maskanlarini ochish. Ma’lumki, 90 foiz ishsizlikning zamirida biron-bir kasbni mukammal bilmaslik yotadi. bugungi shiddatli zamon chala yoki o‘rtamiyona kasb egalarini emas, eng zamonaviy kasblarni chuqur egallagan shaxslarni talab etmoqda. Shu ma’noda odamlarning yashash joylarida «kasb-hunar maskanlari»ning (quruvchilik, chilangarlik, qandolatchilik, tikuvchilik, IT-sohalari va boshqalar) tashkil etilishi 16 milliondan ziyod ishchi kuchiga ega bo‘lgan O‘zbekistonni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishiga shubha yo‘q.

Uchinchi tashabbus. Tuman, shahar hokimlarining mahalla bilan bevosita ishlovchi «hokim yordamchisi» lavozimining joriy etilishi hamda hokimlar ixtiyoriga alohida mablag‘ yo‘naltirilishi. Ushbu tashabbus hokimlarning mahallalarga nisbatan «qoldiq prinsipi» yondashuviga hamda mahalla hayotiga oid qarorlar qabul qilishdagi byurokratik to‘siqlarga barham beradi.

 

Shavkat MAMADALIEV,

falsafa fanlari doktori, professor