O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan muhim siyosiy jarayonga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, ayni kunlarda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlandiki, bo‘lajak saylov yangilanayotgan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi, boshqacha aytganda O‘zbekistonning keyingi besh yillik taqdirini belgilab beradi. Shu bois 13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovni siyosiy-huquqiy va tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejasiga muvofiq tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga Qashqadaryo viloyatidan 2 million 8 ming nafardan ortiq fuqaro kiritilgan bo‘lib, ulardan 70 ming 20 nafarini ovoz berishda ilk bor ishtirok etadigan yoshlar tashkil qilmoqda. Ayni kunlarda uchastka saylov komissiyalari a’zolari saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘rmoqda. Komissiyalar a’zolariga bu ishda jamoatchilik vakillari, yosh volontyorlar yaqindan yordam berayotir. Ular saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish barobarida ovoz berishda ilk bor qatnashadigan yoshlarga milliy saylov qonunchiligi mazmun-mohiyatini va ovoz berish tartibini ham tushuntirmoqda. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning ro‘yxatlarini aniqlashtirish ishlariga yaqindan ko‘maklashmoqda.

Mavjud saylov uchastkalarida yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar mavjud, saylov byulletenlarini berish va kuzatuvchilar uchun alohida joylar ajratilgan, saylov qutilari o‘rnatilgan. Saylov qutilari ovoz beruvchilar ularning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinalari orqali o‘tib keladigan qilib o‘rnatilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Binolarni belgilangan tartibda jihozlash va ularda zarur tartibni saqlash choralari ko‘rilmoqda.

Saylov uchastkalari saylov sanasiga bag‘ishlangan plakatlar, saylov uchastkasining xaritasi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli ma’lumotlar joylashtiriladigan maxsus stend, zarur mebel, ofis texnika vositalari (telefon, printer, Internet jahon axborot tarmog‘iga ulangan va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan kompyuterlar, seyf, kanselyariya tovarlari), yong‘inga qarshi vositalar bilan ta’minlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi Nizom»ga ko‘ra, siyosiy partiyalarning va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilariga mandat berish bo‘yicha arizalar qabul qilinmoqda. Bu yilgi saylovda ularning soni 11 ming nafardan ortiq bo‘lishi kutilyapti.

Matbuot anjumanida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifini tasdiqlash to‘g‘risida» qaror qabul qilingani, saylov byulletenini to‘g‘ri to‘ldirish qoidalari haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

 

O‘lmas Barotov, O‘zA