Samarqand viloyatida hayot darajasini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan nutqi yakunida Shavkat Mirziyoyev saylovchilarni mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea – Prezident saylovida faol bo‘lishga da’vat etdi:

– Ko‘rib turganingizdek, bizning asosiy maqsadimiz – eng katta boylik bo‘lgan xalqizning tinchligi, sog‘ligini asrash, inson manfaatlarini ta’minlash, uning sha’ni, g‘ururi va qadr-qimmatini yuksaltirishdan iborat.

Yurtimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir insonning erkin va farovon, baxtli hayot kechirishini ta’minlash – bizning ustuvor vazifamizdir.

Ana shunday maqsadlarni o‘zida mujassam etgan dasturimiz saylov jarayonida, jumladan, bugun sizlar bildirgan fikrlar, amaliy takliflar asosida yanada boyitilib, tom ma’noda umumxalq dasturiga aylanadi.

Bugun belgilab olgan ulkan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda men butun xalqimiz qatori g‘ururi baland, niyati pok, bag‘rikeng Samarqand ahliga tayanaman.

Ishonchim komil, sizlar bo‘lajak saylovda Yangi O‘zbekiston uchun ovoz berib, Samarqand eliga xos bo‘lgan yuksak siyosiy ong va madaniyatingizni namoyon etasiz.

Fursatdan foydalanib, mehnatkash, mard va olijanob Samarqand ahliga yuksak ishonch va e’tibor uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.

Xalqimizning yuksak ishonchini oqlash men uchun hamisha hayotimning ma’no-mazmuni bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi, – deb nutkini yakunladi Shavkat Mirziyoyev.

Ayni paytda nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan saylovchilarning fikr-mulohazalari tinglanmoqda.

 

O‘zA