Shavkat Mirziyoyev Samarqandda aholi salomatligini yaxshilash va tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasidagi rejalarini bayon qildi:

Viloyatda birlamchi tibbiyot bo‘g‘inida xavf guruhiga kiruvchi 702 ming nafardan ziyod fuqarolar har yili maqsadli tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, ajratiladigan mablag‘lar bosqichma-bosqich 2 barobarga oshirilib, kasallikni erta aniqlash, bepul dori vositalari bilan ta’minlash va davolash choralari ko‘riladi.

Kattaqo‘rg‘on shahar, Paxtachi, Pastdarg‘om, Payariq va Urgutda perinatal markazlar tashkil qilinadi.

Bulung‘ur, Urgut, Ishtixon va Paxtachida 4 ta o‘tkir yurak qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, gemodializ xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyatda 25 mingdan ziyod tug‘ma nogironligi bo‘lganlar uchun Bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi filiali ochiladi.

Aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengaytirilib, Samarqand mintaqaning “tibbiyot xabi”ga aylantiriladi.

Kelgusi besh yilda Toshkentda ko‘rsatilayotgan ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarning barchasi Samarqandda ham yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat kardiologiya markazida yurak kasalliklarining barcha turlarini davolash imkonini beruvchi zamonaviy jihozlangan kardio-jarrohlik bo‘limi tashkil etiladi.

Kelgusi yilda Tibbiyot instituti klinikasi negizida Mintaqaviy neyroxirurgiya markazi tashkil etilib, 10 dan ortiq jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi.

Respublika xirurgiya markazi filialida 7 nafar bemorga buyrakni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, quvonarli hol, albatta. Endilikda jigarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yiladi.

Onkologiya markazining moddiy-texnik bazasi yangilanib, bolalar onko-xirurgiya va kimyo terapiyasi, kaminvaziv xirurgiya amaliyoti joriy etiladi.

Shu bilan birga, viloyatda ilk bor tug‘ma eshitish nuqsoni bor bolalarni to‘liq davolash yo‘lga qo‘yiladi.