Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi tomonidan shu yilning 24 oktyabr kuni “Yangi O‘zbekiston – Yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan brifing tashkil etildi.

Unda partiya mas’ul xodimlari, Oliy Majlis va mahalliy Kengash deputatlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi raisi Solijon Mo‘minov brifing ishtirokchilariga Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 15 sentyabrdagi qaroriga asosan O‘zLiDeP tomonidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyati bo‘yicha ishonchli vakili sifatida ro‘yxatga olingan Namangan viloyati Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinovning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Ikromxon Najmiddinov saylovoldi tashviqotining boshlanishi va uning huquqiy asoslari hamda maqsad-vazifalari xususida ishtirokchilarga ma’lumot berdi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 17 sentyabrdagi qaroriga binoan Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2021 yil 20 sentyabrdan boshlanishi belgilandi. Ishonchli vakil shu sanadan saylov kampaniyasini o‘tkazishda nomzodga ko‘maklashadi. Davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda albatta, nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

Demakki, bir oydan ko‘proq davom etadigan faoliyati orqali ishonchli vakil saylovning yangi milliy saylov qonunchiligi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos tarzda ochiq, oshkora va adolat tamoyillariga mos o‘tishiga baholi-qudrat hissa qo‘shadi. Saylov kodeksining 44-moddasiga muvofiq, saylovga bir kun qolganda va saylov kuni tashviqot olib borish ta’qiqlanadi. Ayni shu sabab shu yilning 22 oktyabr kuni ishonchli vakilning faoliyati yakuniga yetadi.

Ishonchli vakilning qayd etishicha, targ‘ibot uchrashuvlarini chekka hududlargacha qamrab olish, unda nomzodning besh yillikka mo‘ljallangan dasturi mazmun-mohiyatini jonli muloqotlar orqali aholiga yetkazishga alohida e’tibor qaratiladi.

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili Ikromxon Najmiddinov jurnalistlar va blogerlarni saylov jarayonlari borishini qonun doirasida, eng asosiysi, shaffof va xolis tarzda yoritishda yaqindan hamkorlik qilishga chorladi.

 

Oqilxon Dadaboyev,  O‘zA