O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Bahrom Abduhalimovning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Rustam Hayitov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Unda ishonchli vakil tuman va shaharlarda o‘tkaziladigan tadbirlarning kalendar rejasi ishlab chiqilib, saylovchilar bilan bo‘ladigan uchrashuvlar jonli muloqot tarzida o‘tkazilishini ta’kidladi.

Ishonchli vakil R.Hayitov Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berar ekan, targ‘ibot tadbirlari “Adolat – hayotimizning bosh mezoni!” shiori ostida o‘tkazilishi, nomzod saylovchilarga o‘z dasturini partiyaning oldiga qo‘ygan maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan va jamiyatda mavjud muammolarni teran anglagan hamda “hech kim e’tibordan chetda qolmasligi kerak”, degan aqidaga qat’iy amal qilgan holda taklif etayotganini alohida qayd etdi.

Birifingda ta’kidlanganidek, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar hamda boshqa sohalardagi islohot va yangilanishlarni izchil davom ettirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan nomzod o‘z dasturida adolatli jamiyat va adolatparvar davlat qurish, jinoyatchilikka, poraxo‘rlikka, ta’magirlikka, zo‘ravonlikka qarshi murosasiz kurashish, prokuratura, adliya organlari va sud tizimi xodimlari o‘rtasidagi ijtimoiy tengsizlikni tugatish, ta’lim sohasida adolat ustuvorligini ta’minlash,  aholiga kafolatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, zamonaviy texnologiya va davolash usullarini keng joriy qilish, sog‘liqni saqlash tizimini qayta shakllantirish kabi ustuvor vazifalarni ilgari surmoqda.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA