Jizzax viloyatida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Alisher Qodirov saylovchilar bilan uchrashdi.

Yunus Rajabiy nomidagi Jizzax davlat musiqali drama teatirida tashkil etilgan uchrashuvda 400 nafardan ortiq saylovchi qatnashdi.

Ushbu saylov oldi tadbirida Jizzax viloyatidagi MTDP faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari a’zolari, nuroniy otaxon va onaxonlar, hunarmandlar, sportchilar, partiyaga xayrixoh yoshlar, xotin-qizlar, mahalla faollari, ko‘p sonli saylovchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi, nomzodning ishonchli vakili Sarvar Nazarqosimov yig‘ilganlarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. Ishonchli vakil barchani saylovda faol ishtirok etishga va O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov ishtirokchilarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, tarbiya va ta’lim, ma’naviyat va ma’rifat “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining eng ustuvor vazifalaridan ekanini, saylovoldi dastur aynan ushbu vazifalar asosiga qurilganini ta’kidladi.

Saylovoldi dasturi 5 ta asosiy yo‘nalish, jumladan, tarbiya va ta’lim, davlat boshqaruvi, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy adolat, qadriyatlarga hurmat va fuqaro erkinliklarini ta’minlash, tashqi siyosat sohasini qamrab olgan. Shu ma’noda, partiya o‘z g‘oyalarini hayotga izchil tatbiq etgan holda saylovda faol ishtirok etishga harakat qilmoqda. Nomzod “Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi” shiori ostida aholining yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashish, ta’lim-tarbiya uzluksizligini ta’minlash, milliy urf-odatlar va qadriyatlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadlarni ustuvor biladi.

– bugungi saylov oldi uchrashuvida saylovchilarning katta qismini yoshlar tashkil etgani bizni juda quvontirdi, – dedi Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov. – Chunki O‘zbekistonning kelajagi aynan mana shunday vatanparvar yoshlarga bog‘liq. Shu sababdan ham dasturimizda biz milliy qadriyatlarimizga tayangan holda O‘zbekistonni o‘zgartirmoqchimiz.

Jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda Alisher Qodirov partiya saylov oldi dasturiga asosan “Yangi avlod” Davlat dasturi qabul qilinib, “Oila – bog‘cha – maktab” yagona tizimga birlashtirilishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, nomzod bog‘chalar davlat qaramog‘iga olinishi, tarbiyachilarning ish haqisi oshirilishi, bog‘cha guruhlarida bolalar sonini 15 nafardan oshirmaslik, maktablarda boshqaruv, o‘qituvchiga munosabat va tarbiya-ta’lim ishlari tubdan o‘zgartirilishi, o‘qituvchilarga ish haqi kamera kuzatuvlari asosida hisoblanadigan reyting ballariga muvofiq belgilanishi MTDP saylov oldi dasturida aniq va lo‘nda qilib belilab qo‘yilganini, bunda eng yaxshi dars bergan o‘qituvchi yuqori, sifatsiz dars bergan o‘qituvchi kam maosh olishi, 10 yil va undan ortiq vaqt o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullangan pedagogning oylik maoshi 50 foizini ustama sifatida qo‘shib berish tizimi joriy etilishini, bundan tashqari, o‘qituvchilarga 50 yoshdan nafaqaga chiqish huquqi joriy etilishini alohida ta’kidladi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Alisher Qodirov saylovchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

Uchrashuvda turli soha vakillari so‘zga chiqib, nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ishtirokchilarni saylovda Alisher Qodirovga ovoz berishga chaqirdi.

 

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA