Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 sentyabr kuni Xiva shahrida Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashmoqda. Tadbir Xiva shahrida yaqinda ishga tushirilgan “Farovon” mehmonxonasida bo‘lib o‘tmoqda.

Uchrashuvni nomzodning Xorazm viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Aminboy Vafoyev ochdi. Shu yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga Xorazmda ham puxta tayyorgarlik ko‘rilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan viloyatda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga qisqacha to‘xtaldi.

– Har bir kunimizga shukrona aytishimiz, qadriga yetishimiz kerak. Oddiygina misol, qayerda o‘tiribmiz hozir? Bunday koshonalarni Urganchda emas, Xivada ham qursak, mana shunday sharoitlarni yaratsak bo‘larkan-ku! Agar biz islohotlarimizni o‘ylasak, odamlarning og‘irini yengil qilamiz desak, avvalo sharoit yaratishimiz, chekka hududlarda ham zamonaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Bu – hali boshlanishi. Xivaga bunday mehmonxonalarning o‘ntasi ham yetmaydi, – deb so‘zini boshladi Shavkat Mirziyoyev.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qilmoqda.