Mamlakatimiz muhim siyosiy jarayon arafasida turibdi. 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. bugungi kunda aholi o‘rtasida, jumladan korxona va tashkilotlarda saylov qonunchiligi, saylov jarayoni haqida ma’lumotlar berish maqsadida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati Geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi majlislar zalida kombinat ishchi-xizmatchilari, muhandis-texnik xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan ana shunday tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Shuhrat Jo‘rayev, 5-Navoiy saylov okrugi a’zosi Xolmamat Raupov va matbuot kotibi Temur Eshboyevlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar saylov natijalari O‘zbekiston kelajagi, yurtimizda boshlangan keng ko‘lamli islohotlarning davomiyligini ta’minlashga bevosita daxldor ekanligini ta’kidlab, fuqarolarni saylovda faol ishtirok etib, o‘zlarining konstitutsiyaviy burchlarini bajarishga da’vat etdi.

Tadbirda shuningdek, 2019 yilning 25 iyunida qabul qilingan Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, demokratiya ko‘zgusi hisoblangan bu siyosiy jarayonni yuqori saviyada, qonunchilik talablari va xalqaro standartlar talabi darajasida tashkil etish hamda fuqarolarning saylovda faol ishtirokini ta’minlash muhim vazifa ekanligi ta’kidlandi.

Muhim siyosiy jarayonga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirida saylovchilarning mavzuga oid savollariga javob berildi.

 

NKMK Matbuot markazi.