O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova saylovchilar bilan ilk uchrashuvni Sirdaryo viloyatidan boshladi.

Viloyatdagi barcha tuman va shaharlar saylovchilari bilan videokonferensiya orqali muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuvda talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashlari a’zolari ishtirok etdi.

Uchrashuvni Xalq demokratik partiyasining Sirdaryo viloyati kengashi raisi, nomzodning ishonchli vakili Shavkat Mamadisoyev olib bordi. U saylovchilarga nomzod Maqsuda Vorisovaning tarjimai holi, mehnat faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Yuzma-yuz muloqotda M.Vorisova saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Xususan, mamlakatda ijtimoiy tengsizlikning barcha ko‘rinishlariga barham berish, pensiya hisoblash tartibini takomillashtirish, ayollarning bola parvarishidagi davrini ish stajiga qo‘shib hisoblash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa tayinlash, “Mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish zarurati asoslab berildi.

Shuningdek, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalarni ijtimoiy turar joylar bilan ta’minlash, aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy etish, asosiy oziq-ovqatlar narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat’iy o‘rnatish, qishloq tumanlariga sanoatni olib kirish Saylovoldi dasturdagi asosiy yo‘nalishlardan ekanligi ta’kidlandi.

Aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlash, shifokorlarning ish haqini 3 barobarga, hamshiralarning oyligini esa 2 barobarga oshirish, dorixonalar va xususiy tibbiy muassasalarga alohida ijtimoiy tashkilot maqomini berish, tibbiyot xodimlarining sha’ni, qadr-qimmati va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha qonun qabul qilish masalalari ham kechiktirib bo‘lmas vazifalar sirasiga kiradi.

Nomzod bolalarni 2 yoshdan maktabgacha ta’limga qabul qiluvchi maxsus guruhlar tashkil etish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari jamoat transportidan foydalanishini bepul asosda yo‘lga qo‘yish, oliy ta’lim uchun grantlar sonini oshirish, fuqarolarning sudlarda xalq maslahatchilari sifatida, shuningdek, qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

Nomzod Sirdaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboldagi imkoniyatlari haqida to‘xtaldi. Viloyatda aholi bandligi, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, ichimlik suvi va kommunal infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga yechim topish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda bir qator faollar, O‘zbekiston Qahramoni Saidahmad Shoimov, Yangiyer shahar “Muruvvat” nogiron ayollar uchun internat uyi direktori Nafisa Sharipova va boshqalar so‘zga chiqib Maqsuda Vorisovaning Saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatladi. Saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaga ovoz berishga chaqirdi.

 

Sh.Suyarov,  

F.Toshmatov (surat), O‘zA