Navoiy viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi faollar zalida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Ilhom Rajabov bilan viloyat va respublika OAV vakillari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda ishonchli vakil “Yangi O‘zbekiston – Yangi saylovlar” shiori ostida o‘tayotgan bu yilgi saylov yangi Saylov kodeksi asosida tashkil etilayotganligi, Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Shuningdek, tadbirda tuman va shaharlarda nomzodning ishonchli vakili bilan o‘tkaziladigan tadbirlarning kalendar rejasi ishlab chiqilib, uchrashuvlar nafaqat markazlarda, tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalarida, balki viloyatning eng chekka hududlari – qishloq va ovullari, paxta dalalarida o‘tkazilishi, dastlabki uchrashuv esa Navbahor tumanida bo‘lib o‘tishi haqida ma’lumot berildi.

Targ‘ibot tadbirlari “Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi” g‘oyasini o‘zida mujassamlashtirgan “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostida Prezidentlikka nomzodning Saylovoldi dasturi videolavha ko‘rinishida saylovchilar e’tiboriga havola qilinayotganligi o‘ziga xos yangilik ekanligi, bundan tashqari, nomzodning ishonchli vakiliga saylovchilar bevosita savol bilan murojaat qilishi, ayrim savollarga AKT imkoniyatlaridan foydalanilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn shaklda nomzod tomonidan javob qaytarilishi uchun jonli muloqot yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

 

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA