Prezident Shavkat Mirziyoyev Tokioda o‘tgan XVI Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Ma’lumki, yurtimizda Olimpiya o‘yinlari qatori Paralimpiya musobaqalariga ham har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Natijada vakillarimiz 8 ta sport turi bo‘yicha 55 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritib, milliy sportimiz tarixida eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Vakillarimiz eshkak eshish, kanoe va taekvondo singari 3 ta yo‘nalish bo‘yicha ilk bor qatnashdi.
Davlatimiz rahbari sportchilarimiz kelajakda ushbu sport turlari bo‘yicha ham g‘oliblar safidan joy olishiga ishonch bildirdi.
Kuni kecha Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga avtomashinalar va poytaxtimizdan kvartiralar ajratildi. Prezidentimiz farmoni bilan g‘olib sportchilar, ularning murabbiylari va barcha ishtirokchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Shavkat Mirziyoyev endi erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, Vatanimizning sport sohasidagi ulkan salohiyatini tobora kengroq namoyon etish uchun 2024 yilda Parijda bo‘ladigan Paralimpiya o‘yinlariga bugundan boshlab aniq tizim asosida tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Jumladan, kelgusi musobaqalarga stol tennisi, qilichbozlik, kamondan otish, velosport, ot sporti, badminton singari turlar bo‘yicha ham yo‘llanmalar uchun kurashish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan bo‘lg‘usi Paralimpiya o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rish uchun xorijiy mamlakatlardan eng tajribali mutaxassis va murabbiylarni jalb qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.
– O‘zingiz ko‘rdingiz, nufuzli musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rgan davlatlarning medallari ham ko‘p bo‘ldi. Bizda ham bu ishni tizimli yo‘lga qo‘yish kerak. Shu bilan birga, joylarda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz o‘rtasida paralimpiya harakatini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqib, amalga oshirishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Para-sport turlari bo‘yicha iqtidorli atletlarni saralash va ularning zaxirasini shakllantirish tizimini takomillashtirish, xususan, sport ta’limi maskanlarida tegishli o‘qitish dasturlari va metodikasini joriy qilish bilan birga, ularda paralimpiya bo‘limlarini tashkil etib, qo‘shimcha kvotalar ajratish kerakligi ta’kidlandi.
Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov va Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi M.Toshxo‘jayevga sport maktablarida jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘zA