Keyingi hafta Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotining yubiley sammitida O‘zbekiston 2021-2022 yillarda Tashkilotga raislikni qabul qilib oladi.
Davlatimiz rahbari ushbu nufuzli sammitga tayyorgarlik, umuman, mamlakatimizning xalqaro tuzilmalar faoliyatidagi ishtiroki haqida ham fikr bildirdi:
– Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalarda O‘zbekiston raisligi uchun yangicha yondashuv asosida tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.
Shu bilan birga, qadimiy va navqiron shaharlarimiz – Toshkent, Samarqand, Buxoro, Nukus, Xiva, Termiz, Shahrisabz va Qo‘qonda xalqaro ahamiyatga molik yirik sammit, forum va anjumanlarni doimiy ravishda o‘tkazishni davom ettiramiz.
Qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ayamaymiz.
“Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish hamda energetika, savdo va sanoat sohalaridagi strategik va muhim loyihalarni hamkorlikda, albatta amalga oshiramiz.
Yaqinda tashkil etilgan “Vatandoshlar” jamoat fondi orqali xorijiy davlatlardagi yurtdoshlarimiz bilan doimiy va samarali aloqalar o‘rnatamiz. Ularni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga jalb etish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz.
Yaqin kelgusida asosiy vazifasi chet ellarda o‘zbek tili, madaniyati va milliy an’analarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘lgan Alisher Navoiy xalqaro instituti tashkil etiladi, – dedi davlat rahbari.
O‘zA