Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining s’ezdida majburiy mehnatga barham berilgani haqida alohida to‘xtaldi:

– Mana, hozir diyorimizda kuz fasli boshlandi. Hech kimga sir emas, ilgari kuz deganda avvalambor, paxta yig‘im-terim “kampaniyasi” ko‘z oldimizga kelar edi.

Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million aholimiz, ayniqsa, bolalar paxta terimiga “ixtiyoriy-majburiy” safarbar etilardi.

Mana, uch-to‘rt yildan buyon o‘qituvchi va o‘quvchilar – maktabda, vrach – shifoxonada, olimlar – laboratoriyada, talabalar – auditoriyada o‘z mashg‘uloti va o‘z ishi bilan band bo‘lmoqda.

Bunday natijaga to‘g‘ri iqtisodiy siyosat yuritish, tadbirkor va dehqon uchun manfaatli bo‘lgan samarali usullarni, jumladan, klaster va kooperatsiya tizimini joriy etish evaziga erishdik.

Muxtasar aytganda, bugun yurtimizda tarixan qisqa fursatda, butunlay yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va madaniy muhit yaratildi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

O‘zA