Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi – Yangi O‘zbekiston strategiyasining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qilmoqda.

Davlat rahbari mamlakatimizdagi yangilanishlarning asosiy yo‘nalishlari va g‘oyasi haqida quyidagilarni ta’kidladi:

Bizning harakatlarimiz Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi buyuk ajdodlarimizning davlat va xalq birligi, insonparvarlik va adolat ustuvorligi haqidagi yuksak g‘oyalariga tayanadi.

Shu asosda, xalq hokimiyatini mustahkamlash, parlamentarizmni rivojlantirish va davlat organlari hisobdorligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va adolatga asoslangan, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish tizimi shakllantirildi. Eng muhimi, biz ko‘p yillar davomida amal qilib kelingan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini o‘zgartirdik.

Mamlakatimizda avvalo inson, keyin esa, jamiyat va davlat manfaati barcha harakatlarimizning negiziga qo‘yildi. Hayotimizda “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil g‘oya, izchillik bilan qaror topib bormoqda.

 

O‘zA