O‘zbekistonda buyuk ajdodlarimiz an’analarini davom ettirgan holda, islom olami bilan mushtarak qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yanada rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro hadisshunoslik markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Xalqaro islom akademiyasini tashkil etildi.

Shuningdek, yangi turdagi ta’lim maskanlari, xususan, Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Birgina 2020 yilda yurtimizda matematika fani bo‘yicha 56 ta, kimyo-biologiya fani bo‘yicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha 14 ta  ana shunday maktablar tashkil etildi.

Yurtimizda so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta’lim dargohi ochilib,   ularning soni   141 taga yetkazildi.

Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati bilan birgalikdagi

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida qariyb 600 ming yoshlarimizga   zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha chuqur bilim berilmoqda.

– Bugun insoniyat katta sinovlarni boshidan kechirayotgan bir vaqtda,   davlatlarimiz koronavirus pandemiyasining iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini   yengib o‘tish bo‘yicha   ta’sirchan choralar ko‘rish zarurligini   hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Pandemiya biz faqat uzviy hamkorlik va o‘zaro ko‘maklashish orqali   zamonaviy muammolarga qarshi tura olishimiz mumkinligini ko‘rsatdi. Darhaqiqat, Qur’oni karimning Sharh surasida aytilganidek: “Mashaqqat ortida albatta, yengillik bordir”. Ya’ni, jahon miqyosida hanuz davom etayotgan pandemiya – bu nafaqat katta sinov, balki hamkorligimizni  yangi bosqichga olib chiqishga sharoit yaratadigan imkoniyat sifatida qabul qilinishi lozim, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari inqirozga qarshi ishlab chiqilgan choralarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlagani uchun Islom taraqqiyot banki rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. bugungi kunga qadar bank tomonidan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi hamda qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish uchun jami

2,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 ta yirik investitsiya loyihalari   ma’qullangan.

Prezident Islom taraqqiyot banki va Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumatining ko‘magi bilan mazkur anjuman doirasida O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan yangi loyiha – Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasini   tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolanganini qayd etdi.

Kapitali 500 million dollarga  yetkazilishi ko‘zda tutilgan mazkur jamg‘arma   yoshlarimiz, ayollarimiz   va qishloq aholisini  tadbirkorlikka jalb qilish uchun   zarur sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

 

O‘zA