Toshkentda Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 46-yillik yig‘ilishining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

– Yurtimizning islom dunyosi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi buyuk Amir Temur hukmronligi davrida yanada yorqin namoyon bo‘ldi.

Sohibqiron bobomiz poytaxti Samarqand bo‘lgan o‘z davrining eng qudratli davlatini barpo etdi.

O‘z tarkibiga bepoyon hududlarni qamrab olgan ushbu ulkan saltanat o‘sha davrdagi islom dunyosining asosiy mintaqalarida iqtisodiy va madaniy taraqqiyotni yuksak cho‘qqilarga olib chiqdi.

Aynan ana shunday mustahkam poydevorga, Sharq uyg‘onish davrida butun musulmon olami erishgan ulkan ilmiy, falsafiy va madaniy salohiyatga tayanib, bizning ulug‘ bobolarimiz ham o‘zlarining buyuk kashfiyot va ixtirolarini yaratganlar.

Bu haqda gapirganda, dunyo koronavirus pandemiyasi bilan to‘qnashganda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti birinchi navbatda Abu Ali ibn Sino tavsiya qilgan karantin usullaridan foydalanishga chaqirganini eslash o‘rinlidir.

Bundan ming yil oldin bu ulug‘ hakim “Tib qonunlari” kitobida yuqumli kasalliklar tarqalishini kamaytirish uchun 40 kunlik karantin zarurligini ta’kidlagan edi.

Bag‘doddagi mashhur “Bayt al-Hikma” ilmiy akademiyasini boshqargan yana bir vatandoshimiz Muhammad Al-Xorazmiy ilk marotaba raqamlar qatoriga  “nol” belgisini kiritib, matematikaning yangi yo‘nalishi, ya’ni “algebra”ga asos solgan.

Shuningdek, zamonaviy “IT” sohasining fundamental “algoritm” tushunchasi ham ana shu ulug‘ ajdodimiz Al-Xorazmiy nomi bilan bog‘liqdir.

Samarqand hukmdori, buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek 1018 ta yulduzning koordinatlari aniq ko‘rsatilgan, bir necha asrlar dunyoning oliy ta’lim dargohlarida darslik bo‘lib xizmat qilgan “Ziji Ko‘ragoniy” jadvalini tuzgan.

Geodeziya fanining “otasi” hisoblanadigan Abu Rayhon Beruniy bundan ming yil oldin birinchi globus va Yerning eng aniq xaritasini yaratgan.

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin, –  dedi Shavkat Mirziyoyev.