O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan telefon orqali muloqot qildi.
Amirliklar Vitse-prezidenti davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tiladi.
Ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi, 2019 yil mart oyida Birlashgan Arab Amirliklariga oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning bajaralishi holati ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlikning natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Masdar kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekistondagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi muvaffaqiyatli qurilgani va ishga tushirilgani ta’kidlandi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ta’lim va gumanitar almashinuv dasturlari faol ilgari surilmoqda. Mamlakatimizda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasidagi tadbirlar doirasida Toshkent shahrida Hukumat akseleratori ofisi o‘z ishini boshladi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.