O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 avgust kuni Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Suhbat avvalida Fransiya Prezidenti davlatimiz rahbari va ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan dildan qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tiladi.
Yetakchilar O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarining amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdilar, xususan, 2018 yil oktyabr oyida Parij shahridagi sammitda erishilgan kelishuvlarga muvofiq “yo‘l xaritalari”nining bajarilishini muhokama qildilar.
bugungi kunda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qazib chiqarish, energetika, sanoat, transport va kommunikatsiyalar sohalari, kommunal xo‘jalikni modernizatsiya qilish, turizm klasterlarini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan moliyaviy-texnik hamkorlik bo‘yicha uzoq muddatli dastur qabul qilingan.
Birgalikdagi tashabbuslarni ilgari surish maqsadida joriy yil may oyida Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va Fransiya ishbilarmonlarining nufuzli delegatsiyasi ishtirokida biznes forumi o‘tkazildi.
Bir qator qo‘shma madaniy tadbirlarni yuksak darajada o‘tkazish, shu jumladan kelgusi yilning birinchi yarmida Luvr muzeyida mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani tashkil etishga kelishib olindi.
Prezidentlar Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy ahvolning keskinlashishi ta’sirida mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashdilar. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va almashinuvlarni faollashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Fransiya yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek amaliy, ishchan va do‘stona ruhda o‘tdi.