30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida Belarus yetakchisi O‘zbekiston Prezidenti va ko‘p millatli xalqini yurtimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
Davlatimiz rahbari, o‘z navbatida, Belarus Prezidentini tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Belarus hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari yuqori sur’at bilan ortib borayotgani, ikki mamlakat yetakchi korxona va kompaniyalari, ta’lim muassasalari o‘rtasida muvaffaqiyatli kooperatsiya amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sanoat, innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, chorvachilik, farmatsevtika, kommunal soha, axborot-kommunikatsiya va boshqa yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhim ekani ta’kidlandi.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi, shu jumladan Belarus tomoni raisligidagi MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.