Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida olis Tomdi tumaniga ham bordi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining texnogen chiqindilarni qayta ishlash korxonasi faoliyati bilan tanishib, odamlar bilan suhbatlashdi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgunga qadar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2 ta zavod bo‘lgan bo‘lsa, undan keyingi yillarda 4 ta gidrometallurgiya zavodi qurildi. Natijada rudani qayta ishlash hajmi 3 martaga, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2 martaga oshdi. Bu jarayonda, o‘z o‘zidan, tog‘ massasini qazib chiqarish ham ko‘payadi va katta hajmda chiqindilar hosil bo‘ladi.

Yangi korxona ushbu texnogen chiqindilardan oltin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Shu bois u 7-gidrometallurgiya zavodi deb ham ataladi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2026 yilgacha rivojlantirish dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 3,4 milliard dollarlik 27 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Mazkur zavod ushbu loyihalardan biridir.

Umumiy qiymati qariyb 200 million dollar bo‘lgan ushbu korxona yiliga 15 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlab, 7 tonnadan ortiq oltin ishlab chiqarish quvvatiga ega. E’tiborlisi, bunda foydalaniladigan chiqindilar 2040 yilgacha yetadi.

Zavod qurilishida yengil konstruksiyalar va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilgan. Ilgari chetdan olib kelinadigan ko‘plab asbob-uskuna va butlovchi materiallar mahalliylashtirilgan. Xususan, ular Navoiy mashinasozlik zavodi va kon boshqarmalaridagi sexlarda tayyorlanmoqda. Kimyoviy ishlov berish jarayonida ham mahalliy mahsulotlardan foydalanilmoqda.

Bular tannarxni yanada arzonlashtirishda muhim omil bo‘layotir.

Korxonada 1 ming 100 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlandi. Bu yerga Navoiy davlat konchilik institutini tugatgan yosh mutaxassislar va mahalliy aholi qabul qilindi.

Prezidentimiz korxona jamoasi, tomdilik faollar, yoshlar bilan suhbatlashdi.

– So‘nggi 4 yilda mamlakatimizda yerosti boyliklarini o‘zlashtirish ishlari 30 foizga oshdi. Sanoatimizga yangi, ilg‘or texnologiyalar kirib keldi. Eng muhimi, bu zamonaviy korxonalarda ishlay oladigan bilimli mutaxassislar yetishib chiqayapti. Davlatimiz uchun yerosti boyliklaridan ham qadrli boylik bu – sizlarsiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev yoshlarga qarata.

Shu yerda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan ham muloqotda bo‘lib, bugun ishga tushirilgan korxonalarning iqtisodiy samaradorligi, sanoat sohasidagi rejalar haqida so‘zlab berdi.

Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakunlandi.