Atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, ushbu hudud uchun mos bo‘lgan daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirishi bo‘yicha topshiriq berildi.

Misol uchun, Andijon, Paxtabod va Marhamat tumanlarida 30 dan ziyod pavlovniya yetishtiruvchi xo‘jaliklar tashkil etilgan, hozirda 5 million dona ko‘chatlar ekishga tayyor. Yoki, Urgutning Xo‘jaiduk va Omonqo‘ton qishloqlarida har bir xonadonda 2 ming tupdan manzarali daraxtlar ko‘chatlari yetishtirilmoqda.

Bunday xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash hamda aholini sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash maqsadida har bir hududda “Yashil zamin” jamg‘armalari tashkil etiladi.

Mazkur jamg‘armalar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq jarima va kompensatsiyalar hisobidan shakllanadi (bu orqali har bir hududda 4-5 milliard so‘mdan mablag‘ shakllanadi).

Viloyatlarda har bir tumanda yangi oborotga kiritiladigan yerlardan kamida 5 gektardan maydon ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar uchun tanlov asosida ajratiladi.

Yig‘ilishda viloyat hokimlariga oktyabr-noyabr oylarida “Yashil zamin” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kamida 5 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish bo‘yicha topshiriq berildi.

 

O‘zA