Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bugungi brifingda ma’lum qildi.

– Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatni hisobga olib, xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan xatarlar bo‘yicha yaqin xorijdagi hamkor mamlakatlar va mintaqadagi qo‘shnilar tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan chuqur tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti davlat rahbarlarining videoanjuman shaklida o‘tadigan sammitida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etadi, – dedi Sherzod Asadov.

Shuningdek, brifingda joriy haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tadigan tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, bu hafta Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti, ekologik holatni yaxshilash va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha yig‘ilish, sport ta’limini takomillashtirish, olimpiya zaxirasini yaratish yuzasidan videoselektor o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Juma kuni xorijiy mamlakatlarning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilish marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 

O‘zA