O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Bunday shakldagi uchrashuv ilk bor o‘tkazildi va unda jami o‘n mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. So‘nggi besh yilda bu sohani rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.
Ularga asosan, 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga o‘tkazildi. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari o‘rtacha 2 baravarga qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlarga barham berildi.
Bunday qulaylik va imkoniyatlar natijasida yangi sub’ektlar keskin ko‘payib, avvaldan ishlayotganlari faoliyatini kengaytirmoqda. Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi. Ko‘p ishbilarmonlar o‘z biznesini butun mamlakat miqyosida kengaytirib, minglab ish o‘rinlari yaratib, nufuzli yirik kompaniyalarga aylandi. Ichki va tashqi bozorda o‘z nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi.
Davlatimiz rahbari ana shunday azmu shijoatli va fidoyi tadbirkorlarning ayrimlarini tilga olib, xalqimizga madadkor bo‘layotgani uchun ularga minnatdorchilik bildirdi.
Ma’lumki, mazkur ochiq muloqot oldidan tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar so‘ralgan edi. Turli masalalarga oid 15 mingdan ortiq murojaatlar bo‘ldi.
Prezidentimiz o‘z nutqida ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi. Birinchi yo‘nalish – biznesni moliyalashtirish, ikkinchisi – soliq tizimini takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish, uchinchisi – yer ajratish, to‘rtinchisi – infratuzilma, beshinchisi – eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, oltinchisi – transport-logistika, yettinchisi – sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirish masalalariga qaratildi.
Davlatimiz rahbari har bir yo‘nalish bo‘yicha dolzarb vazifalarni ko‘rsatib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Masalan, murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Jumladan, kredit stavkalarining yuqoriligi va ko‘plab kreditlar qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, xorijiy valyutadagi kreditlar valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobiga tadbirkor uchun qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.
Shu bois banklarning kapitalini oshirish choralari belgilandi. Xususan, kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi. Xalqaro moliya bozorlarida 5 trillion so‘mlik milliy valyutada yevrobondlar chiqariladi. Xorijiy banklar kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratiladi.
Yana bir muhim yangilik – banklar resursni qanday valyutada jalb qilishidan qat’iy nazar, tadbirkorlarga kreditni so‘mda va maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi.
Ma’lumki, so‘nggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Yaqingacha Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga biznes uchun og‘ir yuk bo‘lgan 3,2 foizli yig‘imlar to‘lanar edi. Ushbu yig‘imlar korxonalarning foydasidan qat’iy nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 25-30 foiz foydasiga teng edi. Molk-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi.
Prezidentimiz bu sohada ham tadbirkorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishini qayd etdi.
Jumladan, 2020 yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi. Bu ularga aylanma mablag‘larini ko‘paytirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi.
Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga kamaytiriladi.
Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlab, o‘tgan yili berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirishga ko‘rsatma berdi. Umumiy ovqatlanish korxonalari yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan, turizm kompaniyalari va mehmonxonalar 2 yil muddatga turistik yig‘imlardan ozod qilinadigan bo‘ldi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar qo‘shilgan qiymat solig‘idagi farqni qaytarish uchun soliq idoralariga alohida murojaat qilishga majbur. Bu – 14 ming tadbirkorga tegishli bo‘lib, ular uchun qo‘shimcha vaqt, ortiqcha sarsongarchilik, degani.
Shu bois mutasaddilarga kelgusi yildan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shimcha hujjatsiz qaytarish tartibini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Tadbirkorlarni qiynayotgan muammolardan yana biri yer ajratish bilan bog‘liq. Bu masala bo‘yicha Prezidentga 4 mingdan ziyod murojaat bo‘lgan.
Joriy yil 16 avgust kuni “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi. U bilan yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov ob’ektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi.
Endi qishloq xo‘jaligi yerlari ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydonlari esa faqat auksion orqali sotiladi.
Ko‘pchilik tadbirkorlarni o‘z korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri o‘ylantirishi tabiiy. Prezidentimiz ushbu korxonalarga hozirda egallab turgan yer maydonlari mulk qilib rasmiylashtirib berilishini ta’kidladi.
Biznes sub’ektlarini infratuzilma bilan ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 200 milliard so‘mga teng loyihalar bo‘yicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasini yetkazib berish to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi. Bu imtiyoz hozirgi kungacha faqatgina 50 million dollardan oshadigan xorijiy investorlar loyihalariga qo‘llanib kelinmoqda.
Shuningdek, kelgusi 2 yilda respublika bo‘yicha qo‘shimcha 200 ta sanoat zonalari tashkil etilib, ularga ham kommunal va yo‘l infratuzilmasi davlat tomonidan yetkazib beriladi. Ushbu maqsadlar uchun kelgusi yilda byudjetdan 2 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘layotgan yana bir muammo – elektr tarmoqlariga ulanishda kichik korxonalarga ham yirik zavodlar bilan bir xil talablar qo‘yilgan.
Shu bois kelgusi yil boshidan bu borada qulay tizim joriy etiladi. Elektr tarmog‘iga ulanish to‘liq elektron platformaga o‘tkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi. Tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati 20 kilovattgacha bo‘lgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Agar, elektr ta’minoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, tadbirkorlarga kompensatsiya to‘laydi.
Davlatimiz rahbari eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha ham qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Masalan, o‘tgan yili pandemiya davrida to‘qimachilik korxonalariga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tartibi joriy etilgan edi. Endi ushbu tartib barcha tarmoqlarning halol va intizomli eksportyorlariga nisbatan ham tatbiq etilishi aytildi.
Shuningdek, yiliga 20 million dollardan ortiq eksport qiluvchi korxonalarga 5 million dollargacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Hozirgi kunda ayrim xomashyolar importi uchun boj stavkalari yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda ular asosida mahsulot ishlab chiqarishdan ko‘ra chetdan olib kelish arzonroq bo‘lmoqda.
Shu bois, hukumatga xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Transport-logistika xizmatlarini rivojlantirish, tadbirkorlarning yuklarini tashishni yengillashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Yuk avtomobillari va temir yo‘l vagonlarini olib kirish bo‘yicha berilgan imtiyozlar yana 3 yilga uzaytirilishi ma’lum qilindi.
Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, subsidiyalar olish jarayonini osonlashtirish bo‘yicha ham ko‘plab ko‘rsatmalar berildi.
Muloqotda tadbirkorlar so‘zga chiqib, faoliyatida duch kelayotgan muammolarni, taklif va mulohazalarini aytdi. Ular tarmoq mutasaddilari va hokimlar ishtirokida muhokama qilindi.
Prezidentimiz bunday ochiq muloqotni an’anaga aylantirib, har yili tashkil etish, 20 avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilish taklifini bildirdi. Bu takliflar keng qo‘llab-quvvatlandi.