“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
Espportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga keng jalb qilish borasida boshlagan islohotlar qat’iy davom ettirilishi qayd etildi.
–Birinchidan, o‘tgan yili pandemiya davrida to‘qimachilik korxonalariga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tartibi amalda o‘z samarasini berdi. O‘tgan yili 482 ta korxonaga qariyb 2 trillion so‘m qaytarilgan. Bu yangilik ham yangi tariximizda birinchi marotaba bo‘layapti, – dedi Prezident. – Joriy yil 1 oktyabrdan ushbu tartib barcha tarmoqlarning halol va intizomli boshqa eksportyorlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ikkinchidan, ko‘plab eksport qiluvchi korxonalarning asosiy muammolaridan biri – aylanma mablag‘ yetishmasligidir.
Bu masalani 300 dan ziyod tadbirkordan kelib tushgan murojaatlarda ham ko‘rish mumkin.
Shuning uchun o‘tgan yili Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, eksport uchun 1 million dollargacha moliyalashtirish mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi.
Bu tizimdan 200 ta korxona unumli foydalanib, qo‘shimcha 210 million dollarlik o‘z mahsulotlarini chetga eksport qildi.
Uchinchidan, ko‘plab tadbirkorlar yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan (Yevropa Ittifoqi, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi) sertifikatlangan asbob-uskuna va xomashyolarni olib kelganda milliy sertifikat olish talabi mavjudligini e’tiroz sifatida qayd etishgan.
Masalan, asbob-uskunalar va xomashyoga sertifikat olishda 2-3 million so‘m xarajat, 5-10 kun muddat talab etiladi.
–Shu bois Umurzoqov boshchiligidagi komissiya bir oy muddatda bunday davlatlar ro‘yxatini shakllantirib, ularda sertifikat berilgan asbob-uskuna va xomashyolarga milliy sertifikat olish amaliyotini bekor qilish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin, – dedi davlatimiz rahbari.
To‘rtinchidan, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish hamda tannarxni kamaytirish maqsadida bojxona bojlari 2 baravarga pasaytirilgan.
Shu bilan birga, “Milk yevro fud” (Toshkent viloyati), “Es Di Key” (Andijon), “Vull teks inter” (Surxondaryo) kabi korxonalar tomonidan hozirgi kunda olib kelinayotgan xomashyo importi boj stavkalari tayyor mahsulotga qaraganda yuqori ekani qayd etilgan. Ya’ni, ba’zi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishdan ko‘ra chetdan olib kelish tadbirkorga arzonroq bo‘lmoqda.
Shuning uchun Hukumat komissiyasiga bir oy muddatda xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish vazifasi topshirildi.
Muloqot davom etmoqda.
O‘zA