Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda elektr energiyasi borasidagi muammolar, yangi loyihalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

– Bu masala bo‘yicha  har bir tuman,  shahar va mahalla kesimida  alohida dasturlar amalga oshirilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari. – Joriy yil 1 noyabrgacha 4 mingta transformatorni almashtirish, 35 ta podstansiya, 15 ming kilometr tarmoqlarni yangilash ishlari yakuniga yetkaziladi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun joriy yilning o‘zida ilk bor 3 trillion so‘m mablag‘ ajratganmiz. Oldingi yillarda bu ishlarning 10 foizi ham bo‘lmagan.

Agar tahlil qilib ko‘rsak, so‘nggi 5 yilda elektr energiyasi iste’molchisi bo‘lgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning iste’mol hajmi 30 foizga oshgan. Shu bois elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish maqsadida sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va xususiy biznes kirib keldi.

Natijada shu yil yakuniga qadar  to‘liq xususiy investitsiyalar hisobiga umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt bo‘lgan  8 ta issiqlik  va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

–Energetika vazirligi  kelgusi yillarda bu kabi loyihalarni  keskin ko‘paytirib, 2023 yilga qadar elektr energiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini 4 ming 400 megavattga oshirishi shart,– deya ta’kidladi  Prezident.

Muloqot davom etmoqda.

 

O‘zA