2020 yil 18 dekabrda bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish sohasida koordinatsiyani kuchaytirish va huquqiy axborot almashish uchun Yagona elektron platformani yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan aloqador vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda axborot almashish uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Yagona elektron platformasini yaratish bo‘yicha konsepsiya loyihasi tayyorlanib, yanada takomillashtirish uchun MDH Ijroiya qo‘mitasiga yuborildi.
Mazkur konsepsiya loyihasini kelishish bo‘yicha ekspertlar guruhining yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi raisligida videokonferensiya shaklida o‘tkazildi.
Tadbir MDH Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari ekspertlari bilan bir qatorda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari, Rossiya Federatsiyasi, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi va tarmoq hamkorligi organlarining vakolatli vakillari va ekspertlari ishtirok etdi.
Ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan yig‘ilish chog‘ida tomonlar konsepsiya loyihasi matni yuzasidan fikr almashdi.
Tomonlar konsepsiya loyihasini qo‘llab-quvvatladi va o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish sohasida elektron hujjatlar almashinuvini amalga oshirish imkonini beradigan huquqiy axborot almashish uchun MDH Yagona elektron platformasi o‘z vaqtida yaratilayotgani va maqsadga muvofiqligiga doir yakdil fikr bildirdi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tomonlar ekspert guruhining keyingi yig‘ilishida konsepsiya loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflarni taqdim qilish, muhokamalar asosida hujjatni mukammal holga keltirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA