Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida uzumchilik va pillachilik sohasida mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda ipakchilik, jun sanoati va kovrak yetishtirish borasidagi ishlar ham muhokama qilindi.

Kuni kecha Prezidentimizning ipakchilik, jun sanoati va kovrak yetishtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi qarori imzolandi. Endi pilla boquvchilarga uni sotishdan tushgan puldan tashqari, har bir kilogramm pilla uchun davlat tomonidan qo‘shimcha 5 ming so‘mdan subsidiya beriladi. Shuningdek, sohadagi tadbirkorlarning tashabbusi bilan pillani aholidan sotib olish narxi 10 foizga oshirilib, 1 kilogramm pilla narxi 25 ming so‘mga yetkazildi.

Oddiy qilib aytganda, qishloqda ikki quti pilla boqqan oila 1 kilogramm pilla uchun 30 ming so‘m, bir oyda – 3, 4 million so‘m daromad topadi.

Bu qarordan eng asosiy maqsad – qishloqda bandlikni ta’minlash orqali aholi daromadini oshirishdan iborat.

Yig‘ilishda dastlab Qo‘shrabot, Qumqo‘rg‘on, Boysun, G‘uzor va Dehqonobod tumanlarida, keyin boshqa tumanlarda ham jun olinadigan qo‘y-echkilar sonini keskin ko‘paytirib, aholini jundan gilam, ro‘mol va boshqa mahsulotlar to‘qib daromad topishga o‘rgatish lozimligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga yil yakuniga qadar Farg‘ona va Namanganda 14 tadan, keyingi yilda Andijonda 11 ta ipak mato va gilamlar to‘qish uchun hunarmandchilik markazlarini tashkil etish, kavrak yetishtirishga ilmiy asosda yondashish, uni ko‘paytirish, hosildorligini oshirish, qayta ishlab, eksport salohiyatini oshirish vazifalari topshirildi.

 

O‘zA