Prezidentimiz O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida nufuzli xalqaro tanlovlarda munosib qatnashib, mamlakatimiz shon-shuhratini ulug‘layotgan yigit-qizlarni alohida e’tirof etdi.

– Bugun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda, mamlakatimizda Uchinchi Renassans poydevorini yaratish yo‘lida katta qadamlar qo‘ymoqdamiz.

Yurtimizda mutlaqo yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratildi. Ushbu maktablarda ta’lim olayotgan ko‘plab o‘quvchilar nufuzli xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.

Misol uchun, Andijondan Durdona Muxtorxo‘jayeva, Buxorodan Firdavs Sobirov, Doniyor Ismoilov, Sirdaryodan Ilg‘or Qodirqulov, Nabixon Nabixonov, Toshkent shahridan Nodira Sa’dullayeva, Iskandar Bo‘riyev, Dilshod Xo‘jaqulov, Rail Xashayev fizika, matematika va kimyo bo‘yicha xalqaro olimpiadalarning oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Bunday zukko va bilimdon farzandlarimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Fursatdan foydalanib, ularning ana shunday yutuqlariga katta hissa qo‘shgan jonkuyar ota-onalariga, zahmatkash ustoz va murabbiylariga ham, o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Endigi muhim vazifamiz – mana shunday farzandlarimiz orasidan yangi avlod beruniylarini, ibn sino va ulug‘beklarini, xorazmiy va farg‘oniylarini tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iborat.

Bu yo‘nalishda “Beruniy izdoshlari”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari”, “Alisher Navoiy davomchilari” kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib, g‘oliblarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.