Toshkent Botanika bog‘ida O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumi davom etmoqda.

Forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qatnashmoqda.

– Albatta, yoshlikka xos shijoat, jo‘shqinlik va mardlikni, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun, inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib yashashi kerak.

Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, buyuk ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlar zamirida avvalo ona Vatanga, xalqqa xizmat qilishdek buyuk maqsad mujassam ekanini ko‘ramiz.

Masalan, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek singari ulug‘ allomalar, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi shoir va mutafakkirlar, Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriydek ma’rifatparvar adib va olimlar o‘zlarining mashhur ilmiy kashfiyotlarini, o‘lmas badiiy asarlarini aynan sizlarning yoshingizda yaratganlarini hammamiz yaxshi bilamiz va bu bilan faxrlanamiz.

Bizning tomirlarimizda ana shunday ulug‘ bobolarimizning qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari bo‘lish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash, barchamizning muqaddas burchimizdir, – dedi davlatimiz rahbari o‘z nutqida.