Andijon faollari yig‘ilishida viloyatda uy-joy, ichimlik suvi, yo‘l-transport va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash masalalari ham muhokama qilindi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyatda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun 1,3 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.

Viloyatda joriy yilda 6 ming 346 xonadonli 271 ta ko‘p qavatli, shuningdek, ipoteka asosida 2 ming 500 ta yakka tartibdagi uylar quriladi. Shundan ushbu dastur asosida 2 ming 710 ta xonadonga subsidiya ajratiladi.

Natijada aholi o‘z xonadonida kosiblik, hunarmandchilik, tikuvchilik, xizmat ko‘rsatish va boshqa tadbirkorlik faoliyatlarini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

– Mana, kecha Andijon tumanida 4 ming gektarlik adir yerlarda barpo etiladigan Yangi Andijon shahriga tamal toshini qo‘ydik. Ushbu yangi shaharda jami 130 mingdan ortiq kvartirali ko‘p qavatli uylar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari, sanoat zonalari, yashil hududlar va infratuzilma quriladi. Yangi Andijon loyihasi – aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish bilan birga, ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish orqali, viloyatni rivojlantirish bo‘yicha yangi “drayver” bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu loyiha orqali qurilish materiallari, elektrotexnika, mebelsozlik, to‘qimachilik, poliester va sun’iy tola ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratiladi.

Mazkur ulkan qurilish jarayonida 10 mingta yangi ish o‘rni, shahar qurilishi yakunlanganidan keyin esa, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida qariyb 100 mingta yangi ish joyi yaratiladi.

Prezidentimiz 2022 yil 1 martdan boshlab Andijon shahri tarkibida Yangi Andijon tumani tashkil etilishini ma’lum qildi.

Yangi Andijon hududiga tezkor transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent shahrida va Andijonda Turkiyaning tajribali loyiha kompaniyalari filiallari tashkil etilib, mutaxassislarni o‘qitish belgilandi.

 

O‘zA