Viloyatda istiqbolli yo‘nalish – gulchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 10 sotix yerga ekilgan orxideya guli 850 million so‘mgacha, liliya 450 million so‘mgacha, pion – 320 million so‘mgacha daromad olish imkonini beradi.
Shuning uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi agentligiga viloyatda 27 ta mahallada 5 mingga yaqin xonadonlar tomorqasida gul yetishtirishni yo‘lga qo‘yib, kamida 10 ming nafar aholi bandligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Andijon, Izboskan, Oltinko‘l tumanlarida klaster usulida gulchilik rivojlantiriladi. Jumladan, Andijon tumanidagi “Andijon gullar bog‘i” korxonasi klasterga aylantirilib, 30 gektarda gul va manzarali ko‘chatlar yetishtiriladigan bog‘ barpo etiladi.
Shahrixon tumanida aholini kasb-hunarga o‘qitish markazida qoshida Gulchilik maktabi tashkil etilib, chet eldan malakali mutaxassislar jalb etiladi.
Shuningdek, viloyatda gulchilik sohasidagi tajribali tadbirkorlarni jalb etib, har biri 2 sotixdan iborat 20 ta issiqxona qurgan holda, ularda o‘quv amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
– Gulchilik daromad manbai bo‘lishi bilan birga, xonadonimizni ham, ko‘nglimizni ham yanada obod va go‘zal bo‘lishiga xizmat qiladi. Shuning uchun, butun viloyatni gulzorga aylantirib, Andijon tajribasini yaratish kerak, – dedi Prezident.