Prezident Shavkat Mirziyoyev Izboskan tumanidagi “Rustamjon Zamin rivoji” fermer xo‘jaligi dalasida g‘alla hosilini ko‘rdi.
Xo‘jalikda 55 gektardan ziyod yerga bug‘doy ekilgan. Uning har gektaridan 72 sentnerdan ziyod hosil olish kutilmoqda. Shundan 177 tonna davlat resurslari uchun sotiladi, 225 tonna o‘z ixtiyorida qoladi.
13 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish joriy qilingan. G‘alladan bo‘shagan maydon takroriy ekin ekish uchun 200 nafar aholiga ajratib berilmoqda.
Davlatimiz rahbari g‘allaning navi, hosildorligi bilan qiziqdi.
– G‘alla hosildorligini 100 sentnerga chiqarish choralarini ko‘rish kerak. Shunda fermerning ham, ishchilarining ham daromadi oshadi. Daromadi ko‘paysa, fermer ilmga e’tibor beradi, yangicha ishlashga o‘tadi, qo‘ni-qo‘shnisiga, yoshlarga foydasi tegadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda viloyat fermerlari, yoshlar vakillari bilan muloqot bo‘ldi.
– Bugun Andijonga kelishimdan maqsad odamlar islohotlarning foydasini sezyaptimi, ro‘zg‘orida o‘zgarish bo‘ldimi, xalqni rozi qilish uchun yana nimalar qilish kerak, degan savollarga javob topish, – dedi Prezident. – Yurib ko‘ryapman, albatta, o‘zgarish bor. Lekin bu bizni qoniqtirmaydi. Yanada ko‘proq ishchi joylar, mahallalarda sharoitlar qilishimiz kerak.
Uchrashuvda qishloqlarda sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xonadonlarda parrandachilik, tomorqachilikni kengaytirish masalalari haqida so‘z bordi.
– Islohotlarning kuchi – mahallada, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.