Tashkentda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida “Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida tashkil etildi.

Forumni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva kirish so‘zi bilan ochib, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida o‘tkazilayotgan yirik forum mintaqa xotin-qizlari hayotida o‘ziga xos burilish yasashini e’tirof etdi.

Chunki mintaqa xotin-qizlarning iqtisodiy yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorligini o‘rnatish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan yirik anjumanda nafaqat ilg‘or g‘oyalar, balki amaliy qadamlar qo‘yiladi. Forum doirasida tadbirkorlikning barcha sohalari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari va afg‘onistonlik tadbirkor ayollar ishtirokida ishbilarmon ayollar ko‘rgazmasi tashkil etilganining o‘zi shundan dalolat.

– O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha izchil siyosat olib borilayotgani uchun ham mamlakatimiz joriy yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilmoqda, – dedi Tanzila Norboyeva. – Sir emas, mintaqamiz aholisning deyarli yarmini ayollar tashkil etadi. Ularga barcha sohalarda teng huquqlar yaratib berish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Qolaversa, bugungi kunda ularning jamiyat hayotidagi faolligi oshib bormoqda. Markaziy osiyo davlatlari parlamentlarida ayollarning o‘rni ikki karra oshgani, mehnatga jalb etilayotganlarning 65 foizini ayollar tashkil etayotgani xotin-qizlarsiz iqtisodiyotni rivojlantirish mumkin emasligini ko‘rsatishi bilan birga ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish zarurligini ham ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda xotin-qizlar masalalariga e’tibor kuchayganini alohida ta’kidlash o‘rinli. Birgina misol – 190 davlat parlamentlarini birlashtirgan Parlamentlararo ittifoqning e’tirof etishicha, xotin-qizlarning parlament va hukumat doirasida ishtiroki bo‘yicha O‘zbekiston ittifoqqa a’zo davlatlar orasida 45-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatimiz nafaqat mintaqa, balki qator rivojlangan davlatlar – AQSH, Germaniya, Avstraliya, Kanadadan yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Vaholanki, bir necha yil muqaddam O‘zbekiston bu ro‘yxatda 128-o‘rinda bo‘lgan.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida muhim hujjat – 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi.

– Bu hujjat orqali xotin-qizlarni rahbarlikka tayyorlab, tavsiya etib boramiz, bandlik masalalarini kuchaytiramiz, ularning moliyaviy resurslarga egalik qilish huquqlarini qat’iy talab qilamiz, – deb ta’kidladi Senat Raisi. – Avvalgidek, bu vazifalar bilan faqat xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar emas, balki vazirliklar, hokimliklar ham shug‘ullanadi. Bundan tashqari, xotin-qizlarga kredit ajratish maqsadida respublika darajasida xotin-qizlar maqsadli jamg‘armasi tashkil etildi. Davlat byudjetidan har yili 300 milliard so‘m ajratilishi belgilab qo‘yildi. Endi kredit bilan bog‘liq muammolar barham topadi. 1,5 million xotin-qizni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ish olib boriladi.

Barcha uchun teng imkoniyatlar, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, zo‘ravonlik holatlarini to‘liq bartaraf etish, imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab- quvvatlash bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi.

Aytib o‘tish kerakki, Prezidentimiz Murojaatnomasida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan. Ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun xotin-qizlar tadbirkorligi markazlari tashkil etildi. Shu kungacha 30 mingga yaqin xotin-qizga kasb-hunar o‘rgatildi.

Xotin-qizlar iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan forum shu kabi xayrli ishlar doirasini kengaytiradi.

“Mintaqaviy muloqot hamkorlik maydoniga aylanib, butun mintaqamizda yashayotgan opa-singillarimizning orzu intilishlarini ro‘yobga chiqarishga zamin yaratildi, – dedi T.Norboyeva. – Aytib o‘tish kerakki, ko‘p hollarda xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliyaviy institutlar ko‘magida ko‘plab loyihalar amaliyotga samarali tadbiq etiladi. Lekin loyiha muddati tugashi bilan ishlar toʻxtab qoladi. Samarali loyihalarning barqarorligini taʼminlash uchun tegishli normativ-huquqiy hujjat qabul qilish, samarali loyihalarni keng yoyish uchun imkoniyat yaratish maqsadga muvofiq boʻlar edi”.

Senat raisining bu fikrlari ishtirokchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Kelgusida ushbu yoʻnalishda huquqiy hujjat qabul qilish maqsadga muvofiq ekani eʼtirof etildi.

Forumda Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti aʼzolarining qoʻshma bayonoti, Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari oʻrtasida barqaror rivojlanish sohasida hamkorlik “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi.

 

Norgul Abduraimova, OʻzA