Yangi o‘quv yilidan boshlab barcha oliygohlarda plagiat va ilmiy g‘oyalarni o‘zlashtirishni bartaraf etadigan ilg‘or axborot dasturlarini joriy qilinadi.
Prezident bu borada Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirliklari mutasaddilariga topshiriqlar berdi.
Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlar sifati va natijadorligini oshirish bo‘yicha Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yana bir muhim masala – birorta oliygoh nufuzli xalqaro adabiyotlar bazasiga ulanmagan, ulardagi adabiyotlarning elektron ko‘rinishga keltirish darajasi esa 35 foizga yetmaydi. Masalan, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti, Namangan muhandislik-qurilish institutida – 17 foiz, nufuzli hisoblangan Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Toshkent moliya institutida – 18 foiz adabiyotlar elektron shaklda.
Shuning uchun, 1 avgustdan boshlab oliygohlarga o‘zlarining kengashlari tavsiyasiga ko‘ra, xorijiy davlatlardan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish vakolati beriladi.
Yig‘ilishda xorijdan olib kelinadigan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni bojxona to‘lovlaridan ozod qilish bo‘yicha taklif kiritish, yil yakunigacha 102 ta oliy ta’lim muassasalari kutubxona fondidagi 4 millionga yaqin adabiyotlarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish va mutaxassislik o‘quv darsliklarini 2 baravarga ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, 1 sentyabrga qadar barcha oliygohlar kutubxonalari yagona tizimga ulanib, talabalar va tadqiqotchilar uchun tunu kun foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga ikki oy muddatda xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalariga “milliy obuna” bo‘lish ishlarini yakunlab, barcha oliygohlarni tizimga ulash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘zA