Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida «Banklar va riteyl. Raqamli transformatsiya va hamkorlik» mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘z ishini boshladi.

Forumda O‘zbekiston va MDHning yirik xalqaro xususiy korporatsiyalarining 300 dan ziyod mutaxassisi va rahbari ishtirok etmoqda.

Forum avvalida O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Ilhomjon Abdug‘affarov, Markaziy Osiyodagi “Mastercard” kompaniyasi bosh direktori Rafal Trepka, Markaziy bank to‘lov tizimlari departamenti direktori o‘rinbosari Shuhrat Fayzullayev, «Tinkoff» bankining MDH orqali transchegaraviy o‘tkazmalar yo‘nalishi rahbari Mixail Shashilov va boshqalar to‘lov xizmatlar bozorida erishilgan yutuqlar va kelgusi yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan masalalar to‘g‘risida taqdimot qildi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi o‘rinni egallagan va iqtisodiy rivojlanishning lokomotivlaridan biri hisoblanadi. Mazkur forumni o‘tkazishdan maqsad sohada tajriba almashish uchun professional platforma yaratish, shuningdek, yangi texnologiyalarni namoyish etish va joriy qilish, moliya, bank va chakana savdo sohasida innovatsion yechimlarni ishlab chiqish va rag‘batlantirish hamda Markaziy Osiyo mintaqasida samarali iqtisodiy hamkorlik uchun shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

E’tiborli jihati shundaki, ushbu forum banklar va chakana savdo tashkilotlari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun platforma vazifasini bajaradi.

– Mazkur xalqaro forumda Markaziy bank tomonidan so‘nggi 3-4 yilda amalga oshirilgan ishlar, O‘zbekistondagi to‘lov xizmatlar bozorida erishilgan yutuqlar va kelasi yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan masalalar muhokama etildi, – deydi Markaziy bank to‘lov tizimlari departamenti direktori Ulug‘bek Mahmudov. – Aytish joiz, mamlakatimizda so‘nggi yillarda tezkor to‘lov tizimi, onlayn tizim, mahalliy chakana to‘lov tizimlarining rivojlanish tendensiyalari va ularni kelajakda integratsiya qilgan holda to‘lov xizmatlari bozorini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2020 yilning o‘zida 25 dan ortiq to‘lov tashkiloti tashkil etildi. Mazkur forum esa mamlakatimizda amalga oshirilgan to‘lov tizimining xalqaro darajaga muvofiq amalga oshirilganligini va unda ko‘zda tutilgan ba’zi bir yechilishi lozim bo‘lgan masalalarni ochib berdi. Forumda xorijiy davlatlar bilan xalqaro to‘lov tizimi bo‘yicha tajriba almashdik.

– Biz O‘zbekiston bilan to‘lov xizmatlari bozorida bir necha yildan buyon hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi latviyalik ekspert Idrakas Dadasovas. – O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy rivojlanishning lokomotivlaridan biri hisoblanadi. 50 yillik ekspert sifatida O‘zbekiston bozoriga to‘xtaladigan bo‘lsam, so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot bozori kundan kunga kengayib borayotganini ko‘ryapmiz. Buni O‘zbekistondagi hamkorligimiz misolida ham aytish mumkin, soha tezkor, mobil, zamonaviy tendensiyalarga hamohang rivojlanayotganini kuzatyapmiz. bugungi forumda raqamli iqtisodiyotning dolzarb masalalari muhokama qilindi. So‘nggi vaqtda O‘zbekistoning raqamli iqtisodiyot bozori juda rivojlanib boryapti. E’tiborga molik jihati, kundan-kunga sifatli to‘lov xizmatlari mijozlarga taqdim etilmoqda.

Forum doirasida 30 dan ortiq kompaniya – yetakchi xalqaro brendlar tomonidan ko‘rgazma tashkil etildi. Unda innovatsion texnologiyalar va yechimlar taqdim etildi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA